Bugungi kunda mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari, ichki chempionatlar, “Besh tashabbus olimpiadasi” “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” tizimidagi bellashuvlarning tag zamirida Vatanimiz sharafini xalqaro maydonda, xususan Olimpiya o‘yinlarida munosib himoya qiladigan mahoratli sportchilarning yangi avlodini kamol toptirish maqsadi yotadi.
Sport vazirligida 2028 yil AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash bo‘yicha qaror loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda shu haqda so‘z yuritildi.

Sport vaziri Adham Ikromov o‘tkazib kelinayotgan musobaqalar, xalqaro turnirlar, xalqaro sport tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlarida samaradorlikka erishish muhimligini ta’kidlab, mamlakatimiz sportchilarining "Los-Anjeles-2028" Olimpiya o‘yinlariga hozirlik ko‘rishdagi asosiy jihatlariga e’tibor qaratish lozimligi xususida fikr bildirdi.

Taqdimotda ishtirok etgan Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, Sport vazirligi mutaxassislari hamda tegishli tuzilmalarning mas’ullari qaror loyihasida ko‘zda tutilgan masalalarga e’tibor qaratish, o‘tgan "Parij-2024"dagi natijalarni mustahkamlash yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.
Tadbir davomida O‘zbekiston sportchilarini Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashning ustuvor vazifalari muhokama qilinib, ushbu masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA