Poytaxtimizdagi “Paxtakor” sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha U13 yosh toifasida O‘zbekiston kubogi bahslari davom etmoqda. Musobaqaning rapira yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 100 nafarga yaqin qilichbozlar o‘zaro kuch sinashdi.
Rapira qurolida o‘tkazilgan qizlar o‘rtasidagi final bahsida Rayana Tashimova hamda Ulyana Kuzikova o‘zaro raqobatlashdi. Keskin va murosasiz o‘tkazilgan ushbu bellashuvda Rayana g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda Taya Malenkina va Samiya Ro‘ziyeva bronza medaliga ega chiqdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida yakkalik bahslarida Selimxon Mustafoyev barcha raqiblarini yengib, musobaqa g‘olibiga aylangan bo‘lsa, Muhammadamin Shukurjonov finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Islom Shayxov va Rasuljon Mamadaliyev kuchli uchlikdan joy oldi.
7 iyun kuniga qadar davom etishi belgilangan O‘zbekiston kubogida endi rapira yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA