Istanbuldagi muzokara chog‘ida Rossiya tomoni ham Kiyevga mojaroni hal qilish bo‘yicha memorandumni topshirdi. Hujjatning to‘liq matni internetda e’lon qilindi, deb xabar tarqatdi “RIA Novosti”.
Memorandum “Yakuniy kelishuvning asosiy mezoni”, “O‘t ochishni to‘xtatish sharti” va “Bosqichlarning ketma-ketligi va amalga oshirish muddati” bo‘limlaridan iborat.
Birinchi bo‘limda asosiy talab quyidagicha: Rossiya Federatsiyasining yangi hududlarini tan olish, Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish, Ukrainaning betaraflik maqomi, xorijiy va yadroviy kuchlarni joylashtirishni taqiqlash, Ukraina Qurolli Kuchlari sonini cheklash va rus tilining rasmiy maqomi. Shuningdek, sanksiyani bekor qilish, o‘zaro da’volardan voz kechish, Ukraina pravoslav cherkovi erkinligi va diplomatik aloqani tiklash ham taklif qilingan.
Ikkinchi bo‘limda o‘t ochishni to‘xtatishning ikki yo‘li ko‘rsatilgan – Ukraina qo‘shinlarini RF hududidan zudlik bilan olib chiqib ketish yoki “paket taklif” – 10 qadam, jumladan safarbarlikni tugatish, qurol-yaroq yetkazib berishni taqiqlash, amnistiya va prezidentlik sayloviga tayyorgarlik.
Yakuniy qism jasadlarni almashish uchun sulh tuzish, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash, saylov va BMTda tinchlik shartnomasini ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Medinskiy ta’kidlashicha, memorandum ultimatum emas, balki mojaroni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun asosdir.