Ayni kunlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Quyi Chotqol” GESi qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu gidroinshoot doirasida har biri 22,5 MVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta gidroagregat o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa, stansiyaning umumiy quvvati 90 MVtni tashkil etib, yiliga o‘rtacha 300 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich taxminan 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini yaratadi.
GES qurilishi laboratoriyasi bo‘lim boshlig‘i Sunnat Nurovning qayd etishicha, mazkur jarayonda Markaziy Osiyoda ilk bor bosib zichlangan beton (RCC) texnologiyasi asosida beton to‘g‘on qurilmoqda.
–To‘g‘onning balandligi 60 metr, uzunligi 270 metr, ustki qismi eni 7,5 metr bo‘lib, suv omborining hajmi 6,8 million metr kubni tashkil etadi. Ushbu texnologiya loyihaning amalga oshirish muddatini 2 barobarga qisqartirib, kunlik suv sarfini samarali boshqarishga xizmat qiladi. Betonni bosib zichlash jarayonida katlam-qatlam yotqizish, maxsus mashinalar orqali tekislash va zichlash orqali betonning mustahkamligi oshiriladi. Ahamiyatlisi, loyiha doirasida O‘zbekiston tarixida ilk bor to‘g‘on va GES binosi yaxlit inshoot sifatida, jahon standartlariga muvofiq barpo etilmoqda, – dedi u.
Sementatsiya ishlari uchun Germaniyaning Gertek kompaniyasi ishlab chiqargan avtomatik uskuna qo‘llanilmoqda.
– E’tiborli jihati, mazkur uskunani masofadan, dunyoning istalgan nuqtasidan turib boshqarish va ish faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish mumkin. To‘g‘onning mustahkamligi va suv o‘tkazmasligini ta’minlash maqsadida sementatsiya pardasi ishlari olib borilmoqda. Qo‘shma kotlovandan olingan gruntlar qurilish maydonida quvvati 500 tonna/soat bo‘lgan zavodda qayta ishlanib, qum va chaqiq tosh ko‘rinishida beton tarkibiga qo‘shiladi. Shuningdek, to‘g‘on yuvish galereyasida M800 markali mustahkam betondan foydalanilmoqda, – dedi laboratoriya yetakchi mutaxassisi Usmonbek Beknazarov.
Asosiy loyiha “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilmoqda. Texnik yechimlar murakkabligi va geologik sharoitlarni inobatga olgan holda Turkiya va Eronning ilg‘or kompaniyalari ham jalb qilingan.
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, “Quyi Chotqol” GESi Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/elqCoSU3SQA" title="O`zbekistonda ilk bor to`g`on va GES binosiyaxlit inshoot sifatida barpo etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Ziyodullayeva, A.Ahmedov (video), O‘zA