Munosabat
Bugun jahon iqtisodiyotida jiddiy tebranishlar, global yetkazib berish zanjirlarida esa buzilishlar kuzatilayotgani sir emas. Bunday sharoitda rivojlangan davlatlar bilan ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan ochiq muloqot har doimgidan ham muhim.
O‘zbekiston hamkor davlatlar investorlarining yurtimizda faoliyat yuritishi uchun keng qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rayotgani zamirida ham shu jihat mujassam.
Buni yaqinda mamlakatimizga Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni xonim boshchiligida kelgan delegatsiya vakillari ham alohida e’tirof etishdi.
Samarqand shahridagi Kongress markazida o‘tgan ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi muzokaralar xususida Italiya delegatsiyasi vakillarining fikrlarini havola etamiz.

Massimo SHIRO, Italiya Respublikasining “SACE” eksport-kredit agentligi raisi:
– Prezidentingiz bundan ikki yil oldin Italiyaga rasmiy tashrif bilan borganlarida ikki mamlakat o‘rtasida aloqalar butunlay yangi bosqichga ko‘tarilgan. Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ham qabul qilingan edi. Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar o‘z samarasini berdi. Navbatdagi javob tashrifi ham har tomonlama samarali bo‘ldi. Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va eksport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Natijalar O‘zbekistonda Italiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonalar soni ortib borayotganida ham ko‘rinadi. Eksport hajmining o‘sishiga erishilayotgani ham shu hamkorlikning mevasi sanaladi. Shu o‘rinda, O‘zbekistonda erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, biznes yuritish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qilinayotgan ishlarni alohida e’tirof etish kerak.

Stefano KORNYATI, Italiya Respublikasining Turin politexnika universiteti rektori:
– Biz o‘z yo‘nalishimizdagi muassasalar bilan energetika sohasida anglashuv memorandumini imzoladik. Ushbu hamkorlik ilmiy tadqiqotlar sohasida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ikki davlat mutaxassislari bilan hamkorlikda yangi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini yaratmoqchimiz. Shu bilan birga sanoat sohasida tajriba almashishni rejalashtirganmiz. Energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zaro bilimlarni oshirish bo‘yicha ham hamkorlik o‘rnatish niyatidamiz. Bu jarayonda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan ikki mamlakat yetakchilariga minnatdorlik bildiraman. Darvoqe, ushbu oliy darajadagi tashrif doirasidagi kelishuvlarda yurtingizda Tushia universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlanganini ham ta’kidlab o‘tishim kerak.

Andrea BENVEDUTI, Italiya Respublikasining “Ansaldo Energia” kompaniyasi katta vitse-prezidenti:
– Yurtingizda energetika tizimi barqarorligini oshirish, tarmoqda “yashil energiya” ulushini ko‘paytirish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tiborga molik. Istiqbolda yangi-yangi “yashil quvvat”lar barpo etilib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini keskin ko‘tarish rejasini olqishlash kerak. Mamlakat hududlarida quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirilayotgani quvonarli.
“O‘zatom” agentligi bilan anglashuv memorandumini imzoladik. Bundan juda ham mamnunmiz. Mazkur kelishuvimiz texnologik sohadagi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Biz mamlakatimizdagi boshqa korxonalarni ham hamkorlikka chaqiramiz. Umid qilamizki, ushbu aloqalarimiz uzoq muddatli va manfaatli bo‘ladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri
--0--