Ma’lumki, har qanday mamlakatning iqtisodiy farovonligini energetika ta’minlaydi. Misol uchun, iqtisodiyot tarmoqlarini izchil rivojlantiradigan, fuqarolarning farovon hayoti uchun imkoniyat yaratishda, ta’lim, tibbiyot va kommunal xizmatlar kabi muhim ijtimoiy sohalarning uzluksiz faoliyat yuritishida energetika muhim ahamiyat kasb etadi.
Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda mamlakatimizda aholi soni va iqtisodiyot tarmoqlaridagi o‘sish sababli energiyaga, xususan, elektr energiyasiga bo‘lgan talab muttasil oshib bormoqda. Jumladan, 2019 yildan boshlab elektr energiyasiga bo‘lgan talab taklifdan 3 foizga oshishni boshlagan, 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkich 6-7 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.
O‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning davomi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi.

Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xo‘jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste’moli tarkibi va tariflar o‘zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya iste’molida iqtisod qilish sezilarli o‘zgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt*soatga (-10,6%) qisqargan.
Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni, ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. Xususan, 2023 yilda bunday uy xo‘jaliklarining soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bunday iste’molchilar soni 15 mingtaga tushgan.
E’tiborli tomoni, aksariyat aholi odatdagi me’yorlar doirasida energiya iste’molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71 foizni va 2024 yilda 72 foizni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.
Tabiiy gaz iste’molida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024 yilda abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda 54 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy iste’mol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmadi.
Elektr energiya iste’molida eng sezilarli pasayish dastlabki iste’moli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste’mol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari sonining sezilarli darajada kamayishi energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tishdan dalolat beradi.

Shu bilan bir qatorda, energiya ta’minoti sifati ham yaxshilanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi.
Uy xo‘jaliklarining 47 foizi, xususan, Surxondaryo (78%), Sirdaryo (70%) va Namangan (67%) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilangani qayd etildi.
Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68%) hamda Jizzax viloyatida (60%) qayd etildi.
Aholining 45 foizini, xususan, Sirdaryo (73%), Surxondaryo (62%) va Namangan (59%) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganini ko‘rsatadi.
Ijobiy o‘zgarishlardan yana biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi.
Respondentlarning 90 foizidan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshdi.
Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan. 31 foizi uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54%) Respublikasida kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 million uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati 2,3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan quyosh panellari bo‘yicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollari ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infra tuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA