Vatanimiz tarixidagi 2 iyun sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1500 yil (bundan 525 yil oldin) – Alisher Navoiy Sulton Husayn Boyqarodan uzoq yillik iltimoslardan so‘ng haj safari uchun ijozat oldi. Shunday bo‘lsa-da, Navoiy uni amalga oshira olmadi. Tarixchi G.Taniyevaning qayd etishicha, manbalarda bunga mamlakatdagi siyosiy vaziyat og‘ir bo‘lgani va Amir Alisherning yurt tinchligini saqlashda katta o‘rin tutgani kabi bir qancha omillar sabab qilib ko‘rsatiladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd tish joizki, hazrat Alisher Navoiy bir necha marta islomning beshinchi rukni – haj safarini ado etish niyatida yo‘lga chiqqan. Birinchi marta haj niyatida yo‘lga tushib, Mashhadga yaqinlashganda, Mavlono Abdulhay ismli chopar Sulton Husayn Boyqarodan maktub olib keladi. Sulton Iroq va Bog‘doddagi vaziyat notinch va beqaror ekani, Misr va Shom chegaralarida turli boshboshdoqliklar yuz berayotgani to‘g‘risidagi xabarlar bois, yo‘lning xavfsizligi hajning shartlaridan biri ekanini dalil qilib, ulug‘ amirni haj safaridan qaytaradi.
Ikkinchi marta hazrat Alisher Navoiy davlatning bardavom hamda uning qudrati va ulug‘ligining abadiy bo‘lishini duo qilish sharti bilan haj safariga ruxsat so‘raganda, Sulton Husayn Boyqaro 1500 yil 2 iyunda bajarilishi barcha uchun majburiyligi ta’kidlangan maxsus farmon chiqaradi. Unga ko‘ra, hazrat Alisher Navoiy haj yo‘lida joylashgan mamlakatlardan qay biriga borsa, u yerdagi hokimlar, a’yonlar, aholi va yo‘l xavfsizligi qo‘riqchilari hurmat-ehtirom ko‘rsatishi, xizmat qilishi, xavf-xatarli joylardan o‘tishida qo‘riqchilar bilan ta’minlashi shart, deb belgilangan. Ammo farmon chiqarilgan javzo (21 may – 21 iyun) oyida havo harorati ko‘tarilgani bois safarni amalga oshirish katta qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligi e’tiborga olinib, haj safariga sunbula (22 avgust – 21 sentyabr) oyida borishga qaror qilinadi.
Hazrat Alisher Navoiy uchinchi marta 1500 yilning 26 avgustida haj niyatida yo‘lga otlanadi. Lekin yo‘lda sog‘ligi yomonlashgani sababli o‘sha yilning sentyabrida yo‘lga chiqishni rejalashtirib, uyga qaytadi. Biroq Xurosonning ulug‘ mashoyixlari va olimlari shahzoda Muhammad Husayn Mirzo isyon ko‘targani munosabati bilan saltanat osoyishtaligini saqlashda buyuk amirning roli katta ekanini aytib, haj safarini qoldirishni so‘raydi. Shunday qilib, bu qutlug‘ niyat amalga oshmay qoladi.
1868 yil (bundan 157 yil oldin) – Buxoro amiri Muzaffarning sarbozlari bilan amirlik hududiga bostirib kirgan podsho Rossiyasi qo‘shinlari o‘rtasida Zirabuloq jangi boshlandi. Jang tongda rus piyoda askarlarining hujumi bilan boshlandi. Amir sarbozlari mardona jang qilib ruslarni chekinishga majbur etdi. Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman 3 iyunda amir qo‘shinini to‘plardan o‘qqa tutib, yangidan hujumga o‘tdi. Natijada Hoji va Usmon to‘qsabo rahbarligidagi amir sarbozlari chekinishga majbur bo‘ldi. 3irabuloq jangi Buxoro amirligi taqdirini uzil-kesil hal qildi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Buxorodagi jadidchilik harakatining mashhur namoyondasi, davlat va jamoat arbobi Mukammil Burhonov Samarqandda qamoqqa olinib, qatag‘onga uchradi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay aka-ukalari bilan birga otib tashlandi. U Burxonovlar sulolasining mashhur vakili hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasining muallifi Mutavakkil Burhonov – uning jiyani.
Mukammil Burxonov “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyatining asoschilaridan biri sanalgan. Yosh buxoroliklar tashkilotining a’zosi bo‘lgan. U o‘z uyida yashirin ravishda yangi usuldagi maktab ochgan. Buxoroda amir hokimiyati ag‘darib tashlangach, Buxoro Respublikasi adliya noziri, Buxoro Respublikasining Rossiya va SSSR hukumati huzuridagi muxtor vakili, Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibi lavozimlarida ishlagan. 1930 yildan nafaqaga chiqqan va Samarqandda yashagan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Burhonovlar sulolasi XIX asr oxiri va XX asr birinchi choragida Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarda muhim rol o‘ynagan ma’rifatparvar xonadon vakillari hisoblanishadi. Ushbu sulolaning ajdodlari o‘rta asrlardan boshlab Buxoroda yirik ulamo: shayxulislom, qozikalon, muftiy, rais, mudarris sifatida mashhur bo‘lishgan. Burhonlar ilk o‘rta asrlardan boshlab Buxorodagi badavlat xonadon hisoblangan.
1990 yil (bundan 35 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga Haj qilish uchun borishi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga binoan O‘zbekiston xalqi o‘z tarixida birinchi marta bevosita hukumat homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2005 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Interpolning Milliy markaziy byurosini faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA