Kuni kecha Qashqadaryoda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida viloyatning Kitob tumanidagi ikkita – Qaynar va Bashir qishloqlariga turizm qishlog‘i maqomi berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi huzuridagi turizm qo‘mitasi rahbariyati, qo‘mitaning viloyat boshqarmasi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Dastlabki manzil Qaynar qishlog‘i bo‘ldi.
Ushbu qishloq tuman markazidan 11 kilometr sharqda Taxtaqoracha dovoni etagida joylashgan.
Hudud Rohatbuloq, Qo‘tirbuloq, Xurmachabuloq, Galabuloq, Ko‘rbuloq, Sovuqbuloq kabi yuzlab zilol suvli shifobaxsh buloqlarga boy. Qishloq nomi yer qaridan qaynagan kabi otilib chiqib turgan mana shunday buloqlarga mengzab olingan bo‘lsa ajabmas. Buloqlar soylarga birlashib, daryoga aylanadi va Qaynar qishlog‘ining qoq o‘rtasidan kesib o‘tib, sug‘oriladigan maydonlarga yetib boradi.
Eski dovondan oqib keluvchi soyda qurilgan suv havzasi ustidagi to‘siqdan o‘tilgach, o‘ng qo‘l tomonda restoranlarda tayyorlanadigan turli taomlar juda mashhur. Ayniqsa, archa sixli kavkazcha kabob, kitobcha ugra (kesgan osh), qobirg‘a, qizilcha qovurdog‘i kabi taomlarni boshqa joyda uchratmaysiz. Mohir oshpazlar kesgan “ugra” soch tolasidek nafis bo‘ladi. Shuning uchun ham bu yo‘ldan o‘tayotgan barcha yo‘lovchi-yu sayyohlar atayin ushbu taomlardan tanovul qilishni xush ko‘radi.
Tog‘ bag‘rida joylashgan so‘lim tabiatli ushbu qishloqdagi “Qaynar” soyi bo‘ylab o‘nlab bolalar oromgohlari, dam olish maskanlari va sihatgohlar joylashgan.
– Dovondan Samarqandga o‘tguncha buloq bo‘ylarida umumiy ovqatlanish maskanlarida o‘nlab tandir go‘shti pishirib mahorat darslarini o‘tovchi mohir oshpazlarimiz bor, – deydi Qaynar mahallasi hokim yordamchisi Zarifa Xidirova. – Mazkur maskanlar kechayu kunduz mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Bundan tashqari, qishlog‘imiz tog‘ bag‘rida joylashganligi sababli hududimizda turli xil shifobaxsh giyohlar ham mavjud bo‘lib, ular turli dardlarga davodir. Bugungi kunda qishlog‘imizda sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun 22 ta oilaviy mehmon uylari, mehmonxona, xostel va sog‘lomlashtirish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Bugungi tadbirdan so‘ng bu boradagi ishlarimiz yanada rivojlanishini maqsad qilyapmiz.
Keksalarning aytishicha, Chiroqchi tumanining Qalqama qishlog‘idan boshlangan ichki tog‘ yo‘li – g‘ordan qo‘y otari haydalsa, Qaynar qishlog‘idan chiqishi mumkin deyiladi. Afsuski respublikamizdagi ko‘plab g‘orlar singari Kitob tumanida joylashgan g‘orlar siru sinoati hanuz to‘liq o‘rganilib chiqilmagan.
Tumanning Qo‘rg‘on tog‘idagi g‘arb tomondan boshlangan “Tomchi ota”, sharq tomondagi Qaynar qishlog‘i ustidagi “Yetti qiz” g‘ori xalq orasida ko‘plab rivoyat va afsonalarga boyligi bilan ajralib turadi.
Taxtiqoracha dovonining eng yuqori cho‘qqisiga yetganda takrorlanmas mo‘’jizani, tog‘lar bag‘ridagi hayotni ko‘rish imkoni mavjud. U yerdan xushmanzara tog‘ havosi-yu takrorlanmas tabiatni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin.
Tantanali tadbir doirasida hududning salohiyatini ko‘rsatuvchi ichki turizm ko‘rgazmasi – shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan damlamalar, milliy taomlar, hunarmandchilik mahsulotlari va boshqalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tashkil etilgan madaniy dastur barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Shundan so‘ng turizm qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida mahalla mas’ullariga Qaynarga turizm qishlog‘i maqomini beruvchi sertifikat tantanali topshirildi.
– Ma’lumki, yaqindagina davlatimiz rahbari tomonidan aynan hududlarning turizm salohiyatidan keng foydalanish hamda kelajakda respublikamiz bo‘ylab turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida juda ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, muammolar ko‘tarildi va ularning yechimi bo‘yicha takliflar berib o‘tildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shahzoda Qodirova. – Aytish joizki, viloyatimizning turistik salohiyati juda keng. Ayniqsa, tog‘li hududlarimizda mavsum davomida tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi kundan kunga oshib bormoqda. Bu o‘z-o‘zidan hududiy turizm salohiyatidan foydalangan holda tashrif buyuruvchilar uchun keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlar yaratishni talab qiladi. Natijada esa bugungi kunda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
– Qaynar qishlog‘iga turizm qishlog‘i maqomining berilishi, qanday imkoniyatlar beradi, so‘raymiz mas’uldan.
– Qaynar qishlog‘iga turizm qishlog‘i maqomini berilishi bejiz emas albatta, – deya fikrini davom ettiradi Sh.Qodirova. – Mazkur qishloqda yuqori salohiyatning mavjudligi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini umumiy bog‘lovchi katta yo‘l o‘tganligi, tog‘li hududda joylashganligi, Vazirlar Mahkamasining 433-sonli qarorida belgilangan 16 talablarning aniq mavjudligidan kelib chiqib turizm qishlog‘i maqomini berish qaroriga kelingan. Qishloq ushbu maqomni olgandan keyin uning imkoniyatlari yanada kengayadi. Eng avvalo respublika va xorijda targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi. Bu hududga tashrif buyuruvchilar soni bir necha baravarga oshishi rejalashtirilgan. Turizm qishlog‘i maqomining berilishi kelajakda birinchilardan bo‘lib shu hududdagi 20 nafar yoshni turizm sohasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga kirish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi davlat dasturlari doirasida qishloqning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha birinchilar qatorida davlat mablag‘i ajratiladi. Bundan tashqari, qishloqda tashkil etilayotgan uy mehmonxonalari egalariga yoki turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga davlat tomonidan ko‘plab imtiyozlar beriladi. Masalan, soliq imtiyozlari bir foiz etib belgilanadi.
Mas’ulning ta’kidlashicha, joriy yilda 4 ta qishloqqa turizm qishlog‘i maqomi berish mo‘ljallangan.
Keyingi manzil tumandagi Bashir qishlog‘i bo‘ldi.
Ushbu qishloqqa ham turizm qishlog‘i maqomi berildi.
Mazkur qishloqda ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud ya’ni hududda joylashgan Hazrati Bashir ota ziyoratgohi yil davomida mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan gavjum.
Ma’lumot o‘rnida, Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir 14-15 asrlarda shu hududda yashab o‘tgan. Hazrati Bashirning otalari Xo‘ja Hasan 90 yoshda, onalari Bibi Malohat 80 yoshda bo‘lishlariga qaramay, farzandlari bo‘lmagan, deb ko‘rsatiladi. Bola tug‘ilgach ota – onasi unga Said Ahmad deb ism qo‘yishadi. Onalari Bibi Malokatdan sut kelmagach, yosh Said Ahmad sutsiz voyaga yetadi.
Said Ahmad Bashir “Miri Haqiqat” laqabi bilan mashhur bo‘lib, O‘rta Osiyoda Naqshbandiya ta’limoti keng yoyilayotgan bir vaqtda Xo‘ja Ahmad Yassaviy tariqatiga qiziqish bildirgan. Vafot etgach, Bashir qishlog‘idagi Niyoztepaga dafn etilgan.
Maqbaraga Bashir otaning ikki o‘g‘li va xizmatkori ham dafn etilgan. Shuningdek, maqbara tashqarisida asli mug‘ul podshohi Mirzo Sayyid Ahmad Jamoliddinga tegishli deb hisoblanadigan qabr toshi ham mavjud .
Maqbara turli bezaklarsiz, rangsiz, oddiy g‘ishtin holatda barpo etilgan. Maqbara ikki qavatdan tarkib topgan. Maqbaraga yaqin joyda Hazrati Bashir ota yashagan hujra ham joylashgan. Hazrati Bashir ota masjidi qurilishi munosabati bilan qabr chap tomonga ko‘chirilib, hozirgi joyiga keltirib qo‘yilgan.
[gallery-23695]
Ziyoratgoh pastida qoyalar orasidan toshib chiqqan buloq suvi juda tiniqligi va shifobaxshligi bilan mashhur.
Qishloq aholisi asosan hunarmandchilik, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib keladi. Yoz oylarida bu hududda havo ancha salqin bo‘lib dam olish maqsadida kelgan mahalliy va xorijiy turistlar bilan gavjum bo‘ladi.
Qishloq aholisi tashrif buyuruvchilarga o‘z uylari va oilaviy uy mehmonxonalarini tashkil etib, xizmat ko‘rsatib qo‘shimcha daromad topadi.
Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bu kabi loyihalar albatta hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonining va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining oshishiga xizmat qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda viloyatga 2 million 100 ming nafar mahalliy, 570 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1,5 barobarga oshirish, turizm sohasida sayyohlar oqimidan kelib tushadigan eksport hajmini 200 million dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/d9Iixyfqdh0" title="Qashqadaryoda yana ikkita manzilga turizm qishlog‘i maqomi berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari