Xitoylik olimlar kuzatuv va razvedka texnologiyalari sohasida katta yutuqqa erishdi. 2025 yilning may oyida ular 1,36 kilometr masofadan atigi 3 millimetr o‘lchamdagi (guruch donasidek) matnni o‘qiy oladigan lazer qurilmasini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.
Mazkur qurilma maxsus yuqori aniqlikdagi lazer tizimiga asoslangan bo‘lib, u uzoq masofadagi kichik ob’ektlarni skanerlab, matnlarni aniqlik bilan o‘qiy oladi. Lazer nurlari orqali ob’ektning sirt tuzilmasi aniqlanadi, so‘ng sun’iy intellekt yordamida tasvir kodlanib, matn shaklida qayta tiklanadi. Bu texnologiya ayniqsa harbiy, xavfsizlik va razvedka sohalari uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Uzoq masofadan maxfiy hujjatlar yoki yozuvlarni o‘qish, yashirin ob’ektlarni aniqlash va kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, lazer kamerasi infraqizil va tungi ko‘rish funksiyalari bilan ham boyitilishi mumkin.
Texnologiyaning bu darajadagi ilg‘orligi ko‘plab ekspertlar orasida xavotir uyg‘otmoqda. Bunday qurilmalar shaxsiy hayot daxlsizligiga tahdid solishi, hukumatlar tomonidan noto‘g‘ri maqsadlarda qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantiruvlar berilmoqda. Xitoylik olimlar bu texnologiyani keyingi bosqichga olib chiqish va aniqligini oshirish ustida ishlamoqda. Ularning aytishicha, yaqin yillarda bu kabi qurilmalar orqali masofadan nafaqat matn, balki rasm va yuz ifodalarini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.
Xitoyda yaratilgan ultra nozik “josus” lazer qurilmasi zamonaviy razvedka texnologiyalarining yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi. Uzoq masofadan matnni aniqlik bilan o‘qish imkoniyati insoniyat kuzatuv qudratining qanchalik kengayib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Biroq bu yutuq bilan birga, axborot xavfsizligi va shaxsiy hayotni himoya qilish masalalari ham dolzarb bo‘lib bormoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/72QUqMDvZXE" title="Xitoyda ultra aniqlikdagi lazer yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA