1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Bolalik inson hayotidagi eng yorqin xotiralarga boy, takrorlanmas lahzalarni o‘zida muhrlagan davr. Umrning bu bosqichida har bir holat hayajonli, qiziqarli va betakror bo‘lib tuyuladi. Go‘yo hammasi osondek, orzular xatosiz  amalga oshadigandek.  

Inson ulg‘ayadi. Bolalik xotiralari xiralashgan kino tasmalari kabi bir-bir ko‘z oldimizdan o‘tadi. Donolar aytganidek, bolaligimiz o‘zimiz yozgan xolis hikoya. Xotiramizga bitilgan tarix, qo‘l tolmay, ko‘z yummay o‘qiladigan kitob. Uning muqovasida esa bizning toza va pokiza hislarimiz tasvirlangan.

Suhbatdoshimiz qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov bolalik davrini shunday xotirlaydi:  

- Bilasizmi, bolalikning buyukligi va oddiyligiga tan beraman, - deydi Ibrohim Abdurahmonov. - Bolalik xotiralari unutilmaydi. O‘sha beg‘ubor damlardagi yaxshi kunlarni eslaganda, dilingdan ajib hislar o‘tadi.  

Bolaligim Namanganning olis hududlarida o‘tgan. Qishlog‘imiz tuman markazidan 18-20 km. uzoqda edi.  

Go‘daklik hayotim oddiy, ammo judayam zavqli kechgan. U paytlarda dars qilishimiz uchun stol-stullar bo‘lmagan. Aka-ukalar yerga yotib dars tayyorlar edik. Bir kuni  bobom oynadan mening berilib dars qilishimni kuzatib turgan. Uyga kirib, boshimni silab “sen kelajakda akademik bo‘lasan shekilli”, deya jilmayib qo‘ygan edi.

Qishloq hayotining o‘zgacha gashti bor. Bolalikda menga topshirilgan eng muhim yumush qo‘y boqish bo‘lgan. Ertalab ikkita nonni belimizga tugib, dalaga qo‘y boqishga ketar edik, kechqurun qo‘yni haydab yana ortga qaytardik. Ota-onam, amakilarimning barchasi ziyoli insonlar bo‘lgani bois, dalaga ketayotganimizda ham doimo qo‘limizga kitob berib yuborishar edi. Vaqt ko‘p, atrofimiz tog‘, shu kitoblarni mutolaa qilib, kunni kech qilardik. Endi  eslasam, biz o‘sha oddiy, kamtarona sharoitdan hech qachon nolimaganmiz, o‘zimizga berilgan yumushlarni og‘rinmasdan bajarganmiz.

Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun ro‘zg‘or yumushlari bilan ko‘proq shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelgan. O‘smirlik chog‘im tomorqadagi ishlarni qilardim – ekin ekish, ularni parvarishlash ilmini olganmiz. Mehnat qilishdan qochmasdim, lekin suv muammo bo‘lardi – dehqonchilikning eng katta mashaqqati bu sug‘orish edi.

Otam biologiya fanidan dars berardi. Shuning uchun hovlimizda katta bog‘, turli qushlar bo‘lardi. Otam qushlarni ko‘paytirishni yaxshi ko‘rardi.  

7-8-sinfdan fan olimpiadalarida ishtirok eta boshladim. Birinchi marta matematika bo‘yicha tuman olimpiadasiga qatnashganman. Tuman bosqichida hamma bir-biriga notinish. Tengdoshlarim orasida bo‘yim boshqa bolalarnikidan balandroq bo‘lgani uchun 8-sinflar o‘tirgan sinfga kiritib yuborishgan. Menga tushgan savollarni ko‘rib ham hayratga, ham qo‘rquvga tushganman.  

Sababi, men uyda matematikadan masalani hech bir muammosiz bajarar edim. Ammo olimpiadada juda qiynalganman. Yutqazganim juda alam qilgan. Uyga kelib dadamga "yorilganman". Nahotki, matematikadan hech narsani bilmas ekanman, deb qattiq tushkunlikka tushganman.  

Shundan keyin dadam bilimimni qayta sinovdan o‘tkazib, bundan keyin biologiya yo‘nalishida kuchliroq shug‘ullanishimni va olimpiadalarda ham aynan shu fandan ishtirok etishimni maslahat berganlar.

Keyingi yildan biologiya bo‘yicha tayyorlana boshladim. Avval tuman, keyin viloyat va respublika bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldim. O‘sha paytlari akademik Abdusattor Abdukarimov olimpiadaning respublika bosqichida raislik qilgan.  

Eshitishimizcha, u kishi imtihon bo‘ladigan kuni ertalab savollarni almashtirib qo‘yar ekanlar. Sababi, ayrim bolalarga avvaldan savollarni berib qo‘yish holatlari bo‘lib turar ekanda. O‘sha yili opam ikkimiz qatnashib, olimpiadada g‘olib bo‘ldik. Opam respublika olimpiadasi g‘olibi sifatida universitetga imtihonsiz o‘qishga kirdi. Ana o‘shanda odam harakat qilsa, o‘qisa, natijaga erishishiga amin bo‘lganman.

U paytlari universitetga kirishning yagona yo‘li biz uchun olimpiadada g‘olib bo‘lish edi. Negaki, sohada korrupsiya avj olgan palla edi. Shuning uchun ham 11-sinfgacha hayotim olimpiadalarga tayyorgarlik, ularda qatnashish bilan o‘tdi. Vaqtni juda qizg‘onar edim. Ko‘cha changitib o‘ynashdan, to‘ylar, turli ko‘ngilochar tadbirlarga borishdan o‘zimni tiyardim.

Moskva davlat universiteti professori bilan suhbatda bo‘lganim maktab davrimdagi eng katta taassurotlarimdan bo‘lgan. Menga bu olimpiadada "genlar dreyfi" haqida savol tushgan. Qishloqda o‘qiganman, rus tilini bilmayman. Fikrimni bayon etishga qiynalganman. Savolga javobni professorga tarjimon orqali tushuntirib berganman. O‘shanda shu professor menga biologiya bo‘yicha katta kitob sovg‘a qilgan. U yerda o‘rin ololmaganman, lekin shu voqea o‘z ustimda yanayam qattiq ishlashimga turtki bo‘lgan.

Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan navbatdagi olimpiadada hujjatlarimdagi arzimas kamchilik sababli meni haydab chiqarishgan. O‘sha tobda ko‘nglim to‘lib ketgan. Yig‘lay desam, uydan olisdaman. Dardimni eshitadigan yaqinlarim uzoqda. Eshik tagida ketmasdan ustozni poylab turganman. Shunda o‘qituvchi yonimga chiqqan va nega ketmayotganim sababini so‘ragan. Ketmayman, chunki siz nohaqlik qilyapsiz, deganman alamdan. Keyin tashkilotchilar hujjatlarni Toshkentdan chaqirtirishgan. Xullas, o‘sha yili birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman.

Bejizga agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa, sholi eking, o‘n yillik bo‘lsa, daraxt o‘tqazing, agar bir umrlik reja tuzgan bo‘lsangiz, bolalaringizni tarbiyalang, deyishmagan. Uch nafar o‘g‘lim bor. Ota bo‘lib men ham xuddi ota-onamdek, farzandlarimning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapman.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir Ibrohim Abdurahmonov bolalik xotiralarini esladi