Sergeli tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda FHDYO bo‘limi hamkorligida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” markazida navbatdagi o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir 10 maydan 10 iyungacha mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Farovon oila sari” oyligi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Sergeli tumani hokim o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i va bir qator idora vakillari ishtirok etdi.
O‘quv seminarida 2025-yil may oyida nikohlarini rasmiylashtirish uchun ariza bergan 46 juft yosh oila quruvchilarga tibbiy, huquqiy, psixologik, ma’naviy-ma’rifiy va diniy yo‘nalishlarda zaruriy bilim va ko‘nikmalar berildi. Jumladan, reproduktiv salomatlik, ona va bolalikni muhofaza qilish, o‘zaro munosabat madaniyati, ibratli ota-ona bo‘lish, va kitob o‘qishning ahamiyati haqida muhim ma’ruzalar tinglatildi.
Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga esdalik kitoblari va maxsus sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, “Yosh oila quruvchilar maktabi”da tahsil olayotgan nikohlanuvchi yoshlar hamda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblari ishtirokida “Mening oilam – mening faxrim” shiori ostida ochiq davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat davomida ibratli oila vakillari o‘z hayot yo‘llari, turmushdagi sinovlar va tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga sabr-toqat, mehr-oqibat va mas’uliyat asosidagi baxtli oila barpo etish yo‘lida qimmatli maslahatlar berdilar.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarga diniy, psixologik va tibbiy savollar yuzasidan mutaxassislar tomonidan amaliy maslahatlar berildi hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Bu kabi tadbirlar yurtimizda oila muqaddasligini targ‘ib etish, yoshlarni ongli, mas’uliyatli hayotga tayyorlash va ularni farovon hayot sari ilhomlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/u4ZcaVKw-FI?si=0OOW98ttymCCRge9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA