"Yuksalish" umummilliy harakati tomonidan "Avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta’minlash, avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llar holati bo‘yicha" aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
So‘rovda jami 2 ming 743 nafar respondent qatnashgan. Ularning 44,94 foizi shaharda yashovchilar, 46,36 foizi esa qishloqda yashovchilardir.

Respondentlarning 35,55 foizi o‘z yashayotgan hududidagi avtomobil yo‘llarining umumiy holatini "yaxshi", 27,95 foiz- "qoniqarli", 18,01 foizi - "qoniqarsiz", 10,38 foizi - "a’lo", 7,71 foizi esa "juda yomon" baholagan.
Bundan kelib chiqib aytish mumkin, aholi o‘rtasida yo‘llarning holati va ularda amalga oshirilayotgan ishlarga salbiy munosabat bildirilgan.
Respondentlarning 39,24 foizi o‘zi yashaydigan hududdagi avtomobil yo‘llari piyodalar uchun xavfsiz emasligini qayd etgan bo‘lsa, 38,98 foizi "o‘rtacha" va 21 foizi "xavfsiz" deb javob bergan.

Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 40,99 foizi aholi punktlaridan o‘tgan avtomobil yo‘llaridagi piyodalar kesib o‘tish joylarida xavfsizlik ta’minlanganini qayd etgan bo‘lsa, 30,87 foizi xavfsizlik ta’minlanmagan, deb javob bergan. 27,07 foizi esa xavfsizlik "yetarlicha emas" ligini bildirgan.
Bu raqamlar aholi punktidagi piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq infratuzilmada kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, 44,61 foiz respondent o‘z yashash hududida piyodalar yo‘laklari (trotuarlar) borligini qayd etgan. 28,75 foiz aholi esa "yo‘q" va 25,47 foizi "to‘liq emas" deb javob bergan.
Piyodalar yo‘laklarining nogironligi bor (aravachadagi) insonlar uchun qulayligi bo‘yicha 39,82 foiz respondent "qisman qulaylik bor", 38,98 foizi - "qulay emas", 20,64 foizi -"qulay" deb javob bergan.
Aholi tomonidan yo‘llarni yaxshilash va xavfsizlikni ta’minlash uchun, asosan yo‘llarni kengaytirish, sifatli ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirilgan.
So‘rov natijalari O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarining umumiy holati va piyodalar xavfsizligi masalasi aholini jiddiy tashvishga solayotgani malum bo‘ldi.
Ayniqsa, yo‘llar holatiga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar, piyodalar uchun xavfsizlik darajasining pastligi, piyodalar yo‘laklari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay infratuzilmaning yetarli emasligi sohadagi tizimli muammolarni ochiq-oydin namoyon qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA