Xorij ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston va Italiya munosabatlari Jorja Melonining yurtimizga tashrifi tafsiloti keng yoritildi. Bu jarayonda hamkasblarimiz nafaqat rasmiy uchrashuvlar haqida so‘z yuritgan, balki mamlakatimizning ochiqligi, islohotlarga sodiqligi, xalqaro hamkorlikdagi faolligi va mintaqadagi yetakchilik o‘rnini ham alohida e’tirof etgan.
“Secolo d'italia” nashri Samarqanddagi ko‘chalardan biriga Rim nomi berilganini Italiya xalqi va Meloniga ko‘rsatilgan ramziy hurmat sifatida baholadi. Bu hodisa ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy rishta, madaniy yaqinlik va o‘zaro ishonchning yorqin ifodasi ekani ta’kidlandi.
Nashrda O‘zbekistonning qadimiy merosi, Samarqandning betakror me’morchiligi va mehmondo‘stligi olqishlangan. Binobarin, Meloni ham o‘z chiqishida diyorimizni “Markaziy Osiyoning yuragi” deb atab, yurtimizning boy madaniyati, zamonaviy taraqqiyotini yuqori baholadi.

“Agenzia Nova” maqolasida esa asosiy e’tibor iqtisodiy yo‘nalishga qaratilgan. Nashr O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibali bozorga aylangani, byurokratik to‘siqlar kamaytirilgani, biznes muhitini yaxshilashga erishilgani haqida yozadi. Italiya hukumati rahbarining safari davomida imzolangan shartnomalar energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, sanoat va texnologiyar sohalarini qamrab olgan holda, respublikamiz iqtisodiy salohiyatini yaqqol ko‘rsatdi. Italiya tomoni hamkorlik darajasini yuqori baholab, kelajakda aloqalarni yanada kengaytirish niyatida ekanini ochiq bildirdi.

“Italia Oggi” sahifalarida chiqqan maqola muallifi esa O‘zbekistonning islohotlarga sodiqligi, innovatsiya va raqamli texnologiyani rivojlantirishga intilishiga urg‘u bergan. Italiya kompaniyalari uchun bozorimizda energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, qurilish, AT sohalarida keng imkoniyatlar borligi qayd etilgan. O‘zbekiston ham o‘z navbatida Italiyani Yevropa bilan bog‘laydigan muhim hamkor sifatida qadrlayotgani e’tirof etilgan.

Umuman, Italiya matbuotida chiqqan materiallarda iliq ohang, e’tirof va umid ifodasi yaqqol ko‘rinadi. O‘zbekiston xalqaro maydonda samarali siyosat yuritayotgani, barqarorlikka intilayotgani, global sheriklikka tayyor davlat sifatida namoyon bo‘layotgani ta’kidlanadi. Melonining safari ikki xalqni nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki madaniy jihatdan ham yaqinlashtirgan voqea sifatida baholanadi.
Umuman, bu voqea davlatimizning Yevropa jamoatchiligi tasavvuridagi ijobiy imijini mustahkamlaydi. Zero, bugungi O‘zbekiston dunyoga ochiq, islohotlar yo‘lida sobit va qat’iy, xalqaro hamkorlikka doim tayyor.
Mirhabib Sayfullayev, O‘zA