O‘zbekiston va Italiya: biri dengizlar orasida, ikkinchisi Markaziy Osiyoning qoq markazi – quruqlikda joylashgan. Binobarin, har ikkisi ijodkorlar – olim-u ulamo, yozuvchi-shoir, xonanda-yu hofizga boy.
Ikki davlat eslanganda, beixtiyor, Rim va Samarqand yodga tushadi. Azaliy yirik ma’muriy, savdo-sanoat, madaniyat markazlari hisoblangan ikki mashhur shahar qadimdan dengiz-u ummon yo‘li va Buyuk ipak yo‘li tufayli dunyo jamoatchiligi diqqat markazida turgan.
Qudratli Amerika davlat sifatida shakllanganiga 250 yil bo‘lyapti, Samarqand – Maroqandning yoshi esa taxminan 2 700 da.
Tarixiy hujjatlarda qayd etilishicha, Italiya eramizdan 855 yil muqaddam qirollik sifatida rasman e’lon qilingan ekan[A1] . Demak, Samarqand dunyodagi eng ko‘hna, “abadiy shahar” nomini olgan Rimning sharqdagi tengdoshi, safdoshidir.


Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi Italiyaning Rim, Milan, Neapol, Turin, Palermo, Genuya, Venetsiya, Florensiya shaharlari yetti iqlimga ma’lum va mashhur. Rim Italiyaning poytaxti, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, dunyodagi yashash uchun eng qulay, go‘zal shaharlardan biri. Ayrim manbalar, solnomachi, arxeolog tarixchilar 2248 yilga kelib “abadiy shahar” 3 000 yilligini nishonlaydi, deydi. Kapitoliy, senat, kazino, opera, fontan, kapuchino kabi o‘nlab so‘z va atamalar jahon tillariga aynan insoniyat tamadduni boshida turgan Rimdan ko‘chgan.
Shunisi qiziq-ki, Italiya poytaxtining qoq o‘rtasida o‘z armiyasi, politsiyasi, boshqaruv ma’muriyati va boshqa tegishli idoralariga ega to‘laqonli yana bir davlat – Vatikan joylashgan. Butun dunyo e’tirof etadigan Rim papasi shu tepalikda – katolik va xristian bosh cherkovi qad ko‘targan qarorgohda qo‘nim topgan.

Bizda Registon ansamblidagi XIV asrda qad ko‘targan Ulug‘bek va Sherdor madrasalari, XV asrda tiklangan Tillakori, Shohi-Zinda majmualari, Go‘ri Amir maqbarasi, Tillakori masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi, buyuk sarkarda Amir Temur, shoh-shoirlar Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Boburning taburruk nomi bilan bog‘liq qadamjolar bor.

Rimda esa Muqaddas Pyotr cherkovi, mashhur Apostol saroyi, Sikstin kapellasi, Vatikan bog‘lari, Baldaxin Bernini kabi diniy, tarixiy va madaniy yodg‘orliklar savlat to‘kib turadi. Dini, madaniyati, urf odati turlicha, Yer kurrasining bir-biriga qarama-qarshi tomonlarida joylashgan ikki davlatning o‘xshash, mushtarak jihatlari ko‘p-a, deya hayron qolasan, kishi.

Maqsad ezgu va xolis bo‘lsa, yaqinlashaverarkan davlatlar, xalqlar, millatlar. Poytaxtimizda bir necha yildan buyon mashhur Turin politexnika universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Dunyoda eng tez “Ferrari”, avtomobillari ijodkor konstruktorlari, mashinasozlari bizga malakali mutaxassislar tayyorlashda ko‘maklashmoqda.

Davlatlarimiz qadimdan bir biriga intilib kelgani ma’lum. Mug‘ tog‘idan topilgan noyob so‘g‘diy hujjatlarda Samarkant, deb atalgan qal’a qadimgi Yunon va Rim mualliflari asarlarida Marakanda, Marganda, Margandi tarzida qayd etilgan. Arablar esa bu shaharni Samaroy deyishgan.
Italiyalik sayyoh va adib Marko Polo kitobida ko‘hna kentimiz Samarqan, Sarmakan, Sanmarkan shaklida tilga olinadi. Xitoyning qadimgi va o‘rta asr yilnomalarida shahar, viloyat hukmdorlari tomonidan Kan yoki Limogan, Sivingin, Saymaerkan atamalari bilan ta’riflanadi.
Dunyoda tashqi qiyofasi, me’moriy yechimi bilan kishi aqlini shoshiradigan hashamatli diniy, madaniy inshootlar ko‘p. Shulardan biri Rim markazi – Vatikandagi muqaddas Pyotr, ikkinchisi qadimgi Kesh – Shahrisabzdagi Juma masjidi qubbasi dunyodagi barcha masjid, cherkov va boshqa diniy binolar orasida eng ulkani ekani ma’lum.

Masalan, Sankt-Peterburgdagi Isakiyev sobor-cherkovi yuqori qismi 21 metr, Istambuldagi Ayo Sofiya masjidi qubbasi 31 metr, Muqaddas Pyotr cherkovi gumbazi 41 metr, Shahrisabzdagi Ko‘k Gumbaz juma masjidi qubbasi esa 46 metr. Xulosa o‘zingizdan.
Juma namozi payti Ko‘k masjidda o‘qilgan Qur’on surasi va oyatlari aks-sadosi Makkadagi Al-Haram, Madinadagi Naboviya masjidlarida yangragan ovoz, tovush jarangi kabi insonning butun ruhi, vujudini qamrab oladi. Demak, bundan 6 asr muqaddam Islom dini Kesh masjidi misolida o‘z buyukligini namoyish etgan. Va ayni mo‘’jiza Amir Temur Vatani – Shahrisabzda qad ko‘targan.
Zero, Ulug‘ Sohibqiron bejiz aytmagan:
– Kuch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing!

Fikrimizni yakunlab, shuni ta’kidlamoqchi edik-ki, Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining mamlakatimizga tashrifi nafaqat ikki mamlakat an’anaviy do‘stligini yanada mustahkamlaydi, balki aloqalarlarni mutlaq yangi bosqichga ko‘taradi. Investitsiya va savdo hamkorligi ko‘lamini kengaytiradi, ta’lim, texnologiya sohalaridagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ladi.
O‘zbekiston uchun bu tashrif birgina Italiya emas, balki butun Yevropa mamlakatlari bilan sheriklikni chuqurlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, biznes muhitini takomillashtirish imkonini berishi shubhasiz.
Irismat Abduxoliqov, O‘zA sharhlovchisi