Bugungi kunda energetika sohasida global o‘zgarishlar va paradigma almashuvlari yuz bermoqda. Karbon neytrallik va “yashil” rivojlanish esa butun dunyoda asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida kun tartibiga chiqmoqda.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib, tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu esa Koreya bilan qo‘shma tashabbuslar amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni jalb qilish va o‘zaro tajriba almashish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
Energetika vazirligining "yashil" iqtisodiyot bo‘limi bosh mutaxassisi Oybek Rixsiboyev ikki mamlakat o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
–Aytish joizki, keyingi paytda ikki davlatning energetika sohasi mas’ullari, mutaxassislari o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Kuni kecha o‘tkazilgan Birinchi O‘zbekiston - Koreya xalqaro energetika forumi ham bunga yaqqol misoldir.
Koreya qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi va zamonaviy texnologik yechimlar bo‘yicha jahon miqyosida ilg‘or tajribaga ega. O‘zbekiston esa boy tabiiy resurslari va yuqori salohiyatli inson kapitali bilan ajralib turadi. Ikki mamlakatning ushbu imkoniyatlarini uyg‘unlashtirish orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkam poydevori yaratilishi mumkin. Ayniqsa, O‘zbekistonning quyosh, shamol va gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda, Koreyaning qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalari va loyihalashtirishdagi tajribasi bilan birlashish mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi mintaqaviy qayta tiklanuvchi energiya markaziga aylanishi imkoniyatini beradi.
Shuningdek, energiya tejamkorligi va samaradorligini oshirish masalasi ham o‘zaro hamkorlik uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi energiyadan barqaror foydalanish uchun yuqori samarali energiya boshqaruvi zarur. Koreya bu sohada jahon darajasidagi ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lib, turli tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish orqali ikki davlat o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish imkoni mavjud. Shu bilan birga, uglerod chiqindilarini kamaytirish masalasiga ham alohida urg‘u qaratilmoqda. Koreya uglerod va issiqxona gazlari chiqindisini qisqartirish, qazilma yoqilg‘idan foydalanishni cheklash hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasida ham katta tajribaga ega.
O‘zbekiston ushbu texnologiyalardan samarali foydalanish orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuv salohiyatini oshirishi mumkin. Issiqxona gazlari chiqindisini qisqartirish bo‘yicha amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar nafaqat texnologik jihatdan, balki investitsiyaviy jihatdan ham ahamiyatli ekanini ta’kidlash lozim.
Tomonlarning asosiy maqsadi kelajak avlod uchun yaxshiroq muhit yaratish, yangi biznes yo‘nalishlari va ish o‘rinlarini tashkil etishdir. Koreya O‘zbekistonning uzoq muddatli va barqaror rivojlanish yo‘lida ishonchli sherigidir. Bu maqsadlarga nafaqat davlatlarimiz hukumatlari darajasida, balki inson resurslari, savdo va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash natijasida erishish mumkin. Yoshlarning ta’limi va texnologiyalarini rivojlantirish orqali ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli asos yaratiladi.
Shunday imkoniyatlar asosida aytish joizki, kuni kecha tashkil etilgan Birinchi O‘zbekiston – Koreya xalqaro energetika forumi ikki tomonlama hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ybjgg1JFAtc" title="Karbon neytrallik va “yashil” rivojlanish yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar ochilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.