Samarqandda “O‘zatom” agentligi va Italiyaning “Ansaldo Energia S.p.A.” kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandum doirasida kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnik salohiyatni oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun Italiya kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari va tajribasidan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Ansaldo Energia S.p.A.” kompaniyasi Yevropa energetika sektorida yetakchilik qiladi. U gaz va bug‘ turbinalari, shuningdek, ularga mos generatorlarni loyihalash, ishlab chiqarish va yetkazib berish, montaj va sozlash, xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va modernizatsiya qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya o‘zining sho‘’ba korxonalari orqali atom energetikasi yo‘nalishida ham faoliyat olib boradi.
Ushbu hamkorlik tomonlar uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat 28 may kuni Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni ishtirokida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida imzolangan.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA