Yalpi majlisda Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Yangilangan Konstitutsiyada mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish Senatning mutlaq vakolati sifatida belgilangan. Shundan kelib chiqib, mahalliy kengashlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishini sifatli tashkil etishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yishga uslubiy ko‘maklashish maqsadida 20 dan ortiq normativ hujjat tayyorlanib, amaliyotga tatbiq etilgan.
Xususan, mahalliy kengashlar qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uslubiyoti tasdiqlangan. Kengash so‘rovi, kengash tekshiruvi institutlarining huquqiy asoslari mustahkamlangan, Kengashlar huzurida ekspert guruhlarini tashkil etish choralari ko‘rilgan.

Hududlarni rivojlantirish hamda aholi muammolarini hal etishda mahalliy kengash deputatlari va senatorlarning “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Mahalliy kengashlar faoliyatini namunali tashkil etish mezonlari ishlab chiqilib, joylarda ushbu mezonlar asosida har bir hududda bittadan tuman (shahar) kengashining faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Senat tomonidan mahalliy kengashlarga har tomonlama amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Mahalliy kengashlar faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur qonun loyihalari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifalarini “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlash, takrorlanuvchi vazifalarni bekor qilish, mahalliy byudjetlarni shakllantirishda deputatlarning faol ishtirokini ta’minlash, mahalliy kengashlarning o‘zaro va xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihalari ishlab chiqilib, unda mahalliy kengashlarning nazorat hamda norma ijodkorligiga oid faoliyatini, deputatlarning mahalliy byudjet va hududlarni rivojlantirish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish, kengash faoliyatida jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash, deputatlarning saylovchilar bilan ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq choralar belgilanmoqda.
Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish, “E-kengash” elektron platformasida foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida ularni tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish borasida ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Yalpi majlisda mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish masalalari bilan bir qatorda, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining muhim vazifalari ham muhokama qilindi.
Mahalliy kengashlarning nazorat hamda norma ijodkorligi bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirish, hudud manfaatlariga oid hamda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muhim va dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy vakillik organlari deputatlari va kotibiyat xodimlarining malakasini doimiy ravishda oshirib borish tizimini yo‘lga qo‘yishga oid vazifalar belgilandi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA