O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama do‘stona munosabatlarda sezilarli o‘sish kuzatilyapti. Ikki davlatning yirik xususiy sektor vakillari o‘zaro manfaatdorlik asosida bir qator muvaffaqiyatli loyihalarni yo‘lga qo‘yayotganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
“BMB Holding” kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov hamda Italiyadagi “HT Holding” kompaniyasi prezidenti janob Roberto Tuchchi o‘rtasida navbatdagi onlayn muzokara bo‘lib o‘tdi.
Video muloqot chog‘ida asosan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yetishtirilayotgan za’faron plantatsiyasi maydonlarini yanada kengaytirish, yuqori sifatli za’faron xomashyosi va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahsulot eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha strategik rejalar muhokama qilinib, mamlakatimizning agrosanoat salohiyatini yuksaltirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zamonaviy, innovatsion texnologiyalarga asoslangan issiqxona majmualarini tashkil etishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va bu borada ilg‘or xalqaro tajriba almashish imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Bundan tashqari, Shveysariyaning nufuzli “Stadler”kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan investitsiyaviy loyihani amalga oshirishning strategik ahamiyati va istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri