2025 yilning may–iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida "Tamaddun, madaniyat va ma’rifat" mavzusida "Ma’rifat karvoni" nomli ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’lum qilishicha, "Ma’rifat karvoni" doirasida quyidagi tadbirlar rejalashtirilgan:
— "Sivilizatsiyalar – Shaxslar – Kashfiyotlar" g‘oyasi asosida olimlar tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimotlari, amaliy seminar va treninglar;
— "Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans" mavzusida konferensiyalar, forum va anjumanlar;
— buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosini ommalashtirish maqsadida "Tirik tarix" loyihasi doirasida kinoijodkorlar ishtirokida milliy filmlar namoyishi;
— shuningdek, boshqa turli ilmiy, innovatsion va ijtimoiy loyihalar ham o‘tkaziladi.
"Ma’rifat karvoni" — mamlakat ziyolilari uchun yagona ilmiy-ma’rifiy platforma bo‘lib xizmat qiladi", deyiladi markaz xabarida.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun 71 207-57-00 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.
Umidjon Qurbonov, O‘zA