Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, sud faoliyati va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga keng imkon berdi. Islohotlar natijasida sud hokimiyatining ochiqligi ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.
Jumladan, aholi bilan ochiq muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, sayyor sud majlislarining ko‘lami oshirildi, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi.

Ochiq sud majlislarida barcha fuqarolarga hech qanday to‘siqlarsiz ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi. Sud qarorlari hech kimdan sir tutilmasdan onlayn tarzda e’lon qilinmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish qonun hujjatlari bilan mustahkamlangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 31-moddasida har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi.
Shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga egaligi Konstitutsiya darajasida e’tirof etilgan.
Qayd etish lozimki, yopiq sud majlislarini o‘tkazishga oid ham qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularni o‘tkazish tartibi va muddatlari aniq belgilandi.

Qonun huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga yopiq sud ma’lumotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va buni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Jumladan, qonun bilan Jinoyat kodeksi 239-moddasining nomi surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisi ma’lumotlarini oshkor qilish deb to‘ldirilib, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning yoki sudning ruxsatisiz surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud ma’lumotlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida majburiyat yuklatilgan shaxs tomonidan oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksi yangi modda bilan, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslari, shuningdek, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning “Sud majlisi”ga oid moddalari yangi qism bilan to‘ldirilib, ish yopiq sud majlisida ko‘rilganida sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinishi va tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Jinoyat kodeksining 239-moddasiga binoan javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonunning hayotga tatbiq etilishi sud protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytirilishiga, sud muhokamasi ishtirokchilarining shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlar oshkor etilishining oldi olinishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA