Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekiston muloqotlar, tashabbuslar chorrahasiga aylanmoqda. Qadimdan Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan mamlakatimiz bugun ham o‘z mavqeiga mos tarzda taraqqiy etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqada birdamlik, yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllandi. Mintaqalararo aloqalar yanada rivojlandi. Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham fikrimizga misol. Mazkur nufuzli tadbir kun tartibiga muvofiq, mintaqamiz oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Sammitda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, qator tashabbuslarni ilgari surdi. O‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi biz uchun ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib berdi.
– Sammit yakuni bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilinadigan hujjatni amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezidentimiz iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiya kiritish hamkorlikning ustuvor mezoni bo‘lishi barobarida iyun oyi boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish taklifini kiritdi. Bu ham o‘zaro mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim yahamiyatga ega.
Bundan tashqari O‘zbekiston yetakchisi strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiya ko‘lamini kengaytirish, “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka, shuningdek Inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiya, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvni kengaytirish masalalari bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Shu ma’noda bugun nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki madaniy-gumanitar sohalarda kechayotgan mintaqaviy, qo‘shni davlatlar bilan yaqinlashuv bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishni taqozo etadi. Mazkur nufuzli sammit yurtimizda o‘tkazilishi, anjuman qanday samara berishi yuzasidan ekspertlar atroflicha fikr bildirmoqda.
Avvalo bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy maqsadlariga ishonch demakdir.
Ma’lumki, mintaqa doirasida alohida mavqega ega davlatlarning rivoji, taraqqiyoti, qaysidir ma’noda, yon-atrofidagi davlatlar taqdirini ham belgilashi mumkin. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning Markaziy Osiyo taraqqiyotiga bevosita daxldor yirik tashabbuslarni ilgari surayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
So‘nggi yillarda yana bir muhim burilish ro‘y bermoqdaki, respublikamiz umumbashariy muammolarni hal qilish borasida ham juda faollashmoqda. Prezidentimiz o‘zaro ziddiyatlarni chetga surib, barcha davlatlar bir kemada ekanini anglab yetishi kerakligini uqtirmoqda. Vaqt o‘tgan sari mazkur sa’y-harakatlarning bo‘y-basti, xalqlar farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati yanada yaqqol ko‘rinmoqda.
Ta’kidlanayotganidek, bu – yangi O‘zbekiston xalqaro miqyosda siyosiy sub’ekt sifatida shakllanayotganini anglatuvchi yangi bosqich. Va albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy doktrinasining tarixiy yutug‘idir.
Mansur Abdusattorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi
Bosh inspektori,
O‘zA