2025 yil 22 aprelda “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi: Bu hujjat orqali fuqarolik, soliq va bir qator sohalarni tartibga soluvchi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Bu o‘zgarishlar, birinchi navbatda, banklar va kredit tashkilotlari hamda qarzdorlar o‘rtasidagi munosabatlarni aniqroq va adolatliroq qilib belgilashga qaratilgan.
Nimalar o‘zgardi?
1. Avvalo, sudga murojaat qilish shartlari qat’iylashdi.
Agar bank qarzni garov mulki orqali undirmoqchi bo‘lsa, qarz miqdori garov bahosining kamida o‘n besh foizni tashkil qilishi va uch oydan ortiq muddat o‘tgan bo‘lishi kerak.
2. Banklar garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulklarni kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilishi mumkin.
3. Mulk bahosida kelishmovchilik bo‘lsa – baholovchi jalb etiladi. Agar bank va mulk egasi baholashda kelisha olmasa, malakali baholovchi tashkilot ishga jalb qilinadi.
4. Jinoyat ishi bo‘yicha garovga qo‘yilgan mulk musodara qilinsa...
garovga oluvchida o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.
5. Kredit qarzdorlikni muddatidan oldin undirish to‘g‘risida sudga da’vo berishdan avval, agar shartnomada boshqa shart nazarda tutilgan bo‘lsada muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sud hujjati bo‘lishi kerak.
Boshqacha aytganda, bank avval qarzdorning muddati o‘tgan qarzini undirishga da’vo qilmasdan, umumiy kredit summasi uchun sudga murojaat qila olmaydi – faqat shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.
6. Ijro hujjatlari bo‘yicha garov mulki realizatsiya qilinmagan taqdirda, davlat ijrochisi... mulkni boshlang‘ich sotish narxidan yigirma besh foiz kamroq summada baholangan holda undiruvchida qoldirishni taklif qiladi.
7. Juda arzimas hisoblanadi. Agar, garov bilan ta’minlangan majburiyatning buzilishi qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining o‘n besh foizidan kamroqni tashkil qilsa va majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan bo‘lsa.
Qonunni jarayonga tatbiq etishda bank amaliyoti
Mazkur qonun va unga oid qarorlar banklar faoliyatiga sezilarli yengilliklar kiritmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 apreldagi Қарздорлик hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi қарорига asosan:
- Auksion tartiblari yanada soddalashtirildi,
- Elektron savdolar shaffof bo‘ldi,
- Mulk sotishda erkinlik kengaydi.
Endilikda davlat ulushi ishtirokidagi banklar qarz evaziga olingan mulklarni auksionsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor bahosida sotishi, shuningdek kredit, bo‘lib to‘lash yoki lizing asosida taqdim etishi mumkin.
Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Bu o‘zgarishlar biznes uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Mulklarni osonroq va shaffof tarzda sotib olish, moliyaviy xatarlarni kamaytirish, investitsiya va rivojlanish uchun qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.
Eng asosiysi – kredit tizimi yanada ishonchli va barqaror bo‘ladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati