Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining yangi tarkibdagi birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasi rahbariyati, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo‘mita raislari ishtirok etdi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga har tomonlama e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi. Yoshlar parlamenti a’zolarini mas’uliyatli vazifa bilan qutlab, ularning faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz boshchiligida yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. Jumladan, 2023 yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, parlamentning har ikkala palatasida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti yigit-qizlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etishda muhim o‘rin tutmoqda. O‘tgan davrda yoshlarning jamiyat hayotidagi daxldorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi. Bu institut parlament va yoshlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

Majlisda 2025 yilgi Yoshlar parlamenti saylovi faollik bilan o‘tgani, unda 9 ming 531 nafar yosh o‘z nomzodini qo‘ygani, saylovlar tuman, viloyat va respublika bosqichlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilgani, ular orasidan siyosiy partiyalar tomonidan tanlangan 150 nafar a’zolardan iborat yangi chaqiriq tarkibi shakllantirilgani qayd etildi.

Majlisda so‘z olgan Yoshlar parlamenti a’zolari yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyalar, xususan, parlament hayotida yoshlar ishtirokining kengayib borayotgani, siyosiy-huquqiy jarayonlarda ularning fikr va takliflari inobatga olinayotganini e’tirof etdi. Qonun ijodkorligi jarayonida, yangi qonunlar va davlat dasturlari targ‘ibotida faol ishtirok etish ular oldida turgan muhim vazifalardan ekanligini ta’kidladi.
Ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda Yoshlar parlamentining o‘z o‘rni bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Majlisda Yoshlar parlamenti raisi, uning o‘rinbosarlari va qo‘mitalar raislari saylab olindi. Otabek Sobitov III chaqiriq Yoshlar parlamenti raisi etib saylandi.
Shu bilan birga, 29-30-may kunlari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Yoshlar parlamenti a’zolari uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida qonun ijodkorligi, yoshlar siyosati, diplomatik protokol asoslari, mediada PR texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi muhim mavzularda seminar va mahorat darslari o‘tkazilishi belgilab olindi.

Majlis so‘nggida Yoshlar parlamenti a’zolariga siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab, hayotga izchil tatbiq etish, qonun ijodkorligi jarayonida faol ishtirok etish orqali parlamentimizning kelajakdagi chinakam vorislariga aylanishlariga ishonch bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA