Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm va ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, shu jumladan, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
Aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish va zarur hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishdan keng foydalanishni yanada qo‘llab-quvvatlash, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun Soliq kodeksiga elektron hujjatda uni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullaridan foydalanishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qonun bilan ortiqcha undirilgan soliqlarni soliq to‘lovchining arizasiga muvofiq kelgusi to‘lovlar hisobiga kiritish muddati 15 kundan 3 kunga qisqartirilayotganini ma’lum qildi. Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek, ularning eri (xotini)ning ish haqi va boshqa daromadlari to‘liq daromad solig‘idan ozod etilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish, ayrim toifadagi shaxslarga soliq imtiyozlarini berish o‘z aksini topganini ta’kidlab o‘tdi.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA