Parlament quyi palatasining majlisida “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963 yil 21 may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Xalqaro konvensiya fuqarolik yadro ob’ektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan normalarni o‘z ichiga oladi. Konvensiyaga qo‘shilish natijasida mazkur normalar mamlakatimiz uchun ham tatbiq etiladi. Yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishini ta’minlaydi.
— Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi, — dedi deputat Dilbar Mamajonova. — Bu esa, milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi.
Konvensiyaga qo‘shilish bir qator imkoniyatlarni yaratadi. Jumladan, fuqarolik yadro ob’ektlarida sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi. Milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yadro xavfsizligi sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishi ta’minlanadi.
Majlisda qayd etilganidek, mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish ko‘lami kengayib borayotgan hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi huquq va majburiyatlarining xalqaro darajada tan olinishiga va natijada yetkazilishi mumkin bo‘lgan yadroviy zararlarning o‘rni qoplanishi kafolatlanishiga xizmat qiladi.
Muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA