Shvetsiyada o‘tayotgan “TePe Sigeman & Co Chess Tournament-2025” turnirining ortda qolgan olti tur natijalaridan keyin hamyurtimiz Javohir Sindorov 4 ochko bilan yakka peshqadamga aylanib oldi.
Bugun, 26 may kuni musobaqaning so‘nggi tur o‘yinlari tashkil etiladi.

O‘tgan turlardagi o‘yinlar holatiga e’tibor qaratsak, mahoratli shaxmatchimiz Sindorov 4-turda oq donalarda niderlandiyalik Ervin Lamini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 5-turda qora donalarda harakatlangan Javohir vengriyalik Richard Rapport bilan durangga erishdi.
Kecha o‘tkazilgan 6-turda Javohir Sindorov oq donalarda shvetsiyalik Nils Grandeliusga qarshi dona surdi.

Qiziqarli kechgan “duel”da Sindorov raqibini mag‘lub etishga yaqin edi. Ammo, so‘nggi yurishlardagi kichik xatoliklar uchrashuvda murosa yo‘li tanlanishini ta’minladi.
Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Sindorov peshqadamlik qilayotgan vaziyatda turkiyalik Yagiz Kaan Erdogmus 3,5 ochko bilan keyingi pog‘onani band etib turibdi. Ulardan keyingi qatorlarda 3 ochko jamg‘argan xitoylik Tan Chjun’i, amerikalik Rey Robson, shvetsiyalik Nils Grandelius joy olishgan.

Bugun xalqaro turnirning so‘nggi 7-turida Javohir Sindorov qora donalarda 2 ochko bilan oxirgi o‘rinda borayotgan ukrainalik tajribali grossmeyster Vasiliy Ivanchuk bilan kuch sinashadi.
Aytish lozimki, o‘tgan yilgi "TePe Sigeman & Co Chess Tournament-2024" turnirida Nodirbek Abdusattorov bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Bu yilgi musobaqalarda Sindorov Abdusattorovning natijasini yangilashga yaqin turibdi.
Umidimiz, bugun Sindorov Shvetsiyada O‘zbekiston shaxmatining kuch-qudratini, salohiyatini dunyoga namoyish etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA