Qayerda, go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, ehtirom ramzi hisoblangan gullarga mehr qo‘yilsa dillar zavqqa to‘ladi. Gullar shahri – Namanganga kelsangiz, har ko‘cha-yu, tashkilot atrofida orastalik va fayz va barakotning muhim omili sifatida gullar iforini tuyasiz.
Namangan shahrida “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi ijrosi doirasida boshlangan 64-Xalqaro “Gullar festivali” mohiyati yanada oshdi. Zero, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ekologik masala eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e’tirof etganidek, “Bu bayram namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an’anaga aylanib qolgani bejiz emas. Nega deganda, gulu rayhonni, go‘zallikni yaxshi ko‘radigan va shunday obodlikni o‘z qo‘li bilan yaratadigan odamlarning qalbi ham go‘zal bo‘ladi”.
[gallery-23581]
Go‘zallikka oshufta namanganliklar bu galgi yirik tadbirga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdi. O‘tgan yili festivalga tayyorgarlik jarayonida viloyat markazida jami 45 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, joriy yilda esa ushbu ko‘rsatkich 100 million tupga yetkazildi. Mazkur jarayonda Namangan shahar obodonlashtirish boshqarmasi, viloyat gulchilikni rivojlantirish markazining fidoyi xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
Festival nafaqat o‘zining ko‘lami, balki mazmun-mohiyati, birdamlik, ahillikka chorlovchi va qalblarga zavq bag‘ishlaydigan, rang-barang tadbirlari bilan ham har yilgidan alohida ajralib turadi. Jumladan, mingga yaqin gul kompozitsiyalari shaharni chin ma’noda, gullar galereyasiga aylantirdi. Boshqacha aytganda, festivalda 5 mingdan ortiq gulchi, hunarmand va tadbirkorlar o‘z mahsuloti bilan ishtirok etmoqda. Shuning barobarida, “Eko-gullar”, “Landshaft dizayni”, “Yosh gulchilar” kabi yangi yo‘nalishlar keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.
Nafosat va go‘zallik ayyomini an’anaga ko‘ra, vodiy havo darvozasi – “Namangan xalqaro aeroporti” oldidan gullarga burkangan avtoparad boshlab berdi. Mahalliy hokimliklar, tashkilotlar, mahallalar, tadbirkorlar va deputatlarning sa’y-harakatlari bilan bezatilgan bir-biridan betakror transport vositalari markaziy ko‘chalar bo‘ylab harakatlanib, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga tutash maydonga yetib keldi. Avtoulovlar orasida 1960-1970 yillarga mansub retro-texnikalardan tortib, yurtimizga kirib kelgan mo‘’jazgina elektromobil va skuterlarni ham uchratish mumkin.
Aytish darkor, shu yilning fevral oyida Namanganda ilk marotaba tashkil etilgan xalqaro “Avto tyuning” festivali ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan edi. E’tiborlisi, avtoparadda ushbu festival g‘oliblari va faol ishtirokchilar ham munosib qatnashmoqda.
Festivalning tantanali ochilish marosimida Yevropa Ittifoqi elchixonasi, Pokiston Islom Respublikasi, Ummon sultonligi, Yaponiya, Chexiya, Eron Islom Respublikasi, Belarus, Hindiston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston kabi yigirmaga yaqin davlatlarning diplomatik korpus vakillari, xorijiy davlat delegatsiyalari, chet el kompaniyalari mutasaddilari va investorlar, xalqaro hamkorlar, madaniyat va san’at namoyondalari jam bo‘ldi.
Namangan viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov to‘plangan nufuzli mehmonlar, xorijiy va mahalliy turistlarni ajoyib bayram bilan muborakbod etib, har qachongidan kreativ ruhda kechadigan tadbirlar barchaga o‘zgacha shukuh bag‘ishlashini ta’kidladi.
Bu galgi gullar bayrami doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi. Mehmonlar Bobur bog‘i hamda Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida yaratilgan betakror va maftunkor gul kompozitsiyalaridan zavq olishlari mumkin. Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining 45 gektar maydonida ham gullar bilan bezatilgan kompozitsiyalar barpo etildi.
Asosiy bayram tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar, xiyobon va sayilgohlar hamda markaziy ko‘chalar bayramga mos bezatildi. Gullar ohangrabosi nafaqat shahar, tumanlar markazlari, balki chekka va olis qishloqlargacha birdek o‘ziga tortadi. Ko‘chalar, mahallalar, turar-joy hududlari atrofi gullarga burkanib, har bir xonadonda gulchilik bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi. Quvonarlisi, har bir mahallada o‘ziga xos gul brendi yaratish an’anasi yo‘lga qo‘yildi.
Festivalda tajribali gulchilar bilan birga havaskor gul yetishtiruvchilar ham qatnashmoqda. Landshaft dizayni mutaxassislari esa o‘z san’at namunalarini namoyon etmoqda. Shuningdek, hokimliklar, korxona va tashkilotlar nafis gullarni bezash mahorati bo‘yicha raqobatlashadi.
– Ushbu festivalning viloyatimiz iqtisodiyotidagi salmog‘i ham yildan yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, bu aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishdagi hissasida o‘z aksini ko‘rsatmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov. – O‘tgan yilgi Gullar festivalida viloyatimizda umumiy savdo va xizmatlar aylanmasi qariyb 4,6 trillion so‘mga teng bo‘lgan edi. Joriy yil biz bu ko‘rsatkichni qariyb ikki barobar oshirib, 8 trillion so‘mga yetkazishni maqsad qilganmiz. Bu festival nafaqat go‘zallik, balki daromad, ish o‘rni va eksport degan yangi yondashuvdir.
64-Xalqaro “Gullar festivali”da avvalgilaridan farqli o‘laroq, sayyohlar uchun alohida turizm paketlari ishlab chiqilgan. Ular Namangan viloyatining Pop, Yangiqo‘rg‘on, Chust, Kosonsoy, Chortoq tumanlarida joylashgan go‘zal va betakror joylarga tashrif buyurib, huzurbaxsh manzaralarda maroqli hordiq chiqarishlari mumkin. Shu ma’noda, joriy yilda festivalda 750 mingga yaqin xorijiy, 6,5 millionga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi kutilgan.
– Namanganda an’anaviy o‘tkaziladigan Xalqaro “Gullar festivali”ga jamoamiz bilan birinchi bor tashrif buyurdik. Festivalning dastlabki kunidayoq mehmonlarga ajoyib unutilmas taassurotlarni uyg‘otmoqda, – deydi Qirg‘iz Respublikasi Jalolobod shahrining bosh me’mori Bagit Bayjigitov. – Tantanali ochilish marosimidagi konsert dasturi, unda turli tillarda ijro etilgan qo‘shiqlar manzur keldi. Ayniqsa, avtoparad, unda yuzlab texnikalarning ketma-ketlikda shahar bo‘ylab harakatlangani, uni ko‘cha bo‘ylarida minglab odamlar olqishlar bilan kuzatganligi e’tiborimni tortdi. Hamkasblarimiz bilan bundan buyon har yili festivalga keladigan bo‘ldik.
Umuman olganda, 40 kun uchun biri-biridan mazmunli tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining “ochiq osmon” ostidagi konsert dasturi, o‘zbek-turk kinoijodkorlari xalqaro uchrashuvi, “Namangan 2-xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi”, “Jahon estrada yulduzlari” ishtirokida konsert-tomosha, qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etiladi. Modalar haftaligi, “Talant shou”, “Ovoz” va “X-Factor” tanlovlari, sport musobaqalari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, “Osh tanlovi”, “Lavanda sayli”, dron-shou kabi ko‘ngilochar tadbirlar orqali milliy qadriyatlarimiz targ‘ib qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda Namanganda o‘ziga xos va mos betakror kishilar qalbini zavqqa to‘ldiruvchi festival boshlandi. Nafaqat gullar, balki viloyatning shirinso‘z, sertakalluf insonlari bilan uchrashish, ular bilan dildan suhbat qurish va o‘zgacha madaniyatning guvohi bo‘lishni istaganlarga Namangan darvozalari hamisha ochiq. Festival sabab dillar dillarga tutashadi, ko‘ngillarda ezgulik, Vatanga, osoyishta hayotga bo‘lgan mehr uchqunlari alanga oladi. Namanganga hush kelibsiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.