O‘tgan asrning boshlarida ma’rifatparvar bobolarimiz xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, hurlik va erkinlik, ilm egallash va o‘zlikni anglash g‘oyalari asosida o‘ziga xos harakat “jadidchilik” harakati nomi ostida ma’rifiy kurash maydoniga chiqdi.
Ularning asosiy maqsadi xalqni jaholat changalidan qutqarish, ilm asosida xalq ongiga erkinlik va ma’rifat g‘oyalarini singdirish edi. Said Rizo Alizoda ana shunday ma’rifatparvarlardan biri. U butun hayotini millatni taraqqiyot va ma’rifat sari yetaklashga bag‘ishladi. Xalqimizning o‘sha paytdagi holatida yagona najot ilm-ma’rifat yo‘li ekanligini teran anglagan holda yangicha ta’lim usullarini targ‘ib qildi.
Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqand shahrining Bog‘ishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tavallud topgan. Maktab yoshiga yetgach otasi Saidrizoni o‘zlari yashab turgan guzarda ozarboyjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga olib borgan. Qisqa vaqt ichida o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlagan Saidrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi. Muallimlik davrida maktab kutubxonasidagi Ozarboyjon, Eron va Hindistonda chop etilgan gazeta va kitoblarni muntazam o‘qib borgan.
Maktabda bir muddat ishlagach, oliy ta’lim olish uchun madrasaga o‘qishga kiradi va 6 yil tahsil oladi. Madrasani tamomlagach, Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, so‘ngra rus va o‘zbek tilida chiqadigan Rossiyaning “Samarqand” jurnalida musahhih bo‘lib ishlagan. Nashriyotda ishlagan paytida rus tilini yaxshi o‘rgangan, rus adabiyoti bilan yaqindan tanishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saidrizo Alizoda Samarqandda tojik tilida faoliyat ko‘rsatuvchi maktab ochib, kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’lim bergan. O‘quvchilar uchun “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Xandasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” nomli o‘n birta darslik yozgan. Bu darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan bo‘lib, o‘quvchilar darsliklar orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha yetarlicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan. Saidrizo o‘zbek maktablari uchun “Birinchi yil” nomli alifbo yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatgan. Maktabdorlik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga o‘zbek va fors-tojik tillarini o‘rgatgan.
<iframe width="798" height="449" src="https://www.youtube.com/embed/AAqT7JdJyio" title="Ruslarga o`zbek tilini o`rgatgan jadid – Saidrizo Alizoda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni ma’rifatparvar olim, jurnalist, tarjimon Saidrizo Alizodaga bag‘ishlanadi.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA