Toshkentda “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.
“O‘zkimyosanoat” AJ hamda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tanlov yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, o‘z kasbiga nisbatan hurmat va faxr tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, iqtidorli yoshlarni aniqlash, yosh xodimlar orasida sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirish, yoshlarning innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tatbiq etish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish bugunning dolzarb masalalaridan. Ushbu tanlov esa ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimi Asilbek Ahmedov, 2-o‘rinni “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ XK xodimi Bunyod Mirsoatov va 3-o‘rinni Toshkent kimyo-texnologiya instituti xodimi Jaloliddin Eshboboyev egalladi.
– Avvalo, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi va “Kimyogarlar kuni” kasb bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tanlovda birinchi o‘rin nasib etganidan behad xursandman. Bunday e’tirof nafaqat menga, balki tashkilotimizga bildirilgan katta ishonchdir. Shuni aytishni istardimki, bu muvaffaqiyat ortida jamoamizning mehnati, ustozlarimning yordami va men ishlaydigan zavod rahbariyatining doimiy qo‘llab-quvvatlashi turibdi. Albatta, bu yutuq meni yanada ko‘proq izlanish, bilim va ko‘nikmalarimni oshirishga, yangi g‘oya va loyihalar ustida ishlashga undaydi. Kelgusida ham yurtimiz kimyo sanoati rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilishni o‘zimning bosh maqsadlarimdan biri, deb bilaman, – dedi "Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimi Asilbek Ahmedov.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA