Xalqaro musobaqalarda mahoratli sportchilarning yuqori natijalarga erishishi ko‘p jihatdan sport federatsiyalarda, terma jamoalarda ish tizimi qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liq.
"Parij-2024" Olimpiadasida o‘zbek sportining kuch-qudratini namoyish etgan boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika kabi sport turlarida erishilgan muvaffaqiyatning tag zamirida terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tizimida xalqaro tajribaning keng joriy etilgani, xorijlik malakali murabbiy-mutaxassislar bilan olib borilgan samarali hamkorlik yotadi.

Xususan, boksda kubalik, dzyudoda Germaniya va yaponiyalik, taekvondoda koreyalik, og‘ir atletikada bir qator davlatlarning murabbiy-mutaxassislari o‘z maslahat va yo‘l-yo‘riqlari bilan mashg‘ulotlarni olib borishda qatnashgani oxir-oqibat erishilgan natijalarda aks etdi.
Xo‘sh, 2026 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlari hamda 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rish uchun mamlakatimizda qancha xorijlik sport mutaxassislari faoliyat ko‘rsatmoqda?

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
–Sport vazirligi tomonidan har haftada Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari, sport federatsiyalari bilan birgalikda olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha mavjud muammolar va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirlar reja asosida o‘tkazib kelinmoqda. Bugungacha 26 ta sport federatsiyalarining faoliyati o‘rganilib, sport kurashlari, og‘ir atletika, o‘q otish, yengil atletika, suzish, gandbol, tennis, futbol, chim ustida xokkey va qishki sport turlari federatsiyalari bilan iqtidorli sportchilarni saralab olish va yuqori natijalarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston chempionatlaridagi natijalar asosida terma jamoalar tarkibi shakllantirildi. Joriy yil yanvar oyidan reja asosida musobaqalar, mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etish doirasida 2026 yilgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari hamda 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik olib borilmoqda.
Bugungacha gimnastika, qilichbozlik va og‘ir atletika yo‘nalishida 4 nafar, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, velosport, yengil atletika, taekvondo WT, triatlon va baskebol sport turlariga 2 nafardan, boks, futbol, kamondan otish, yunon-rum kurashi, erkin kurashda 1 nafardan jami 33 nafar xorijiy mutaxassislar terma jamoalarga jalb etildi. Maqsad shu yildan e’tiboran xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish orqali "Los-Anjeles-2028" Olimpiadasiga samarali tayyorgarlik ko‘rish, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i San’atilla G‘ulomnazarov.

T.Ro‘ziyev, O‘zA