Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida 2024-2025 o‘quv yilining so‘nggi qo‘ng‘irog‘i jarangladi. Shu munosabat bilan maktablarda o‘tkazilgan "Ilm - eng buyuk sharaf!" shiori ostidagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida hududlar rahbarlari, deputatlar, ota-onalar ham ishtirok etdi.
Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi shunday tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etib, Prezidentimizning bitiruvchiga yo‘llagan tabrigini o‘qib, eshittirdi va yoshlarga mustaqil hayot sari oq yo‘l tiladi.
[gallery-23552]
Shuningdek, marosimda qatnashgan Oliy Majlis Senati a’zosi, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xomurodov yoshlarni maktabni bitirayotgani bilan tabriklab, yakuniy davlat imtihonlari va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarida ularga omad tiladi.
Joriy o‘quv yilida Samarqand viloyatidagi 1268 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfini 73 ming 690 nafar hamda 11-sinfni 51 ming 62 nafar o‘quvchi bitirmoqda.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida maktablarni a’lo baholarga bitirgan yoshlar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va faxriy yorliqlar topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari