Kuvayt axborot agentligi – KUNA, shuningdek “Al-Ray media”, “Al-Jarida” kabi qator nashrlar yozishicha, O‘zbekistonning ushbu arab davlatidagi elchixonasi 2025 yil 1 iyundan boshlab Kuvayt fuqarolari uchun yurtimizga vizasiz kirish tartibi joriy etilganini ma’lum qilgan.
Elchi Ayubxon Yunusov “Al-Ray” nashri bilan telefon orqali muloqotda ushbu qaror mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar oqimini keskin tezlashtirish, turistik xizmat ko‘lamini jadal kengaytirish orqali har ikki davlat iqtisodiyotini yuksaltirishga hissa qo‘shish maqsadida qabul qilinganiga e’tibor qaratdi. U kuvaytliklarni ushbu imkoniyatdan foydalanib, diyorimizning sayyohlik takliflari xilma-xilligini o‘rganish, xususan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga tashrif buyurish, keng turizm infratuzilmasi bilan faxrlanadigan Toshkent va Jizzax viloyatlari tabiiy go‘zalligidan bahramand bo‘lishga chaqirdi.
Diplomatimiz Bahrayn Qirolligi va O‘mon Sultonligi fuqarolari uchun ham O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanganini ta’kidladi. Ayniqsa, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” sifatida belgilanganiga urg‘u berdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA