O‘zbekistonning turizm salohiyatini Polsha va Yevropaning boshqa mamlakatlarida keng targ‘ib etish maqsadida Polshaning “TVT” telekanali bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Turizm qo‘mitasi xabar berishicha, mazkur loyiha doirasida olti oy davomida telekanal yurtimizning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan o‘ttiz soniyalik videolavhalar turkumini kuniga ikki marotaba uzluksiz efirga uzatadi.
Loyihaning asosiy maqsadi Polshada O‘zbekistonning turizm salohiyati va jozibadorligini turistik yo‘nalish sifatida ommalashtirish, Samarqand, Buxoro, Xiva, Farg‘ona va boshqa hududlar imkoniyatini keng yoritish, shuningdek, polshalik sayyohlar e’tiborini mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga jalb etishdan iborat.
Qayd etish kerak, 2007 yilda tashkil etilgan “TVT” telekanali yangiliklar va reklamalarni 24/7 formatida efirga uzatadi. Bu mamlakatdagi birinchi MUX-12 multipleks operatori hisoblangan universal tarkibga ega milliy kanal. Tarmoq 8 milliondan ziyod tomoshabinlar auditoriyasini qamrab oladi.
O‘zA