AOKAda Innovatsion rivojlanish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ilm-fan va innovatsion faoliyat sub’ektlari yildan-yilga sezilarli o‘sib borishi fonida davlat ilmiy dasturlari doirasida e’lon qilib kelinayotgan tanlovlarga ham arizalar soni keskin oshmoqda.
Xususan, 2024 yilda tanlovlarga kelib tushgan arizalar soni 2023 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshgan. Kelib tushgan arizalarni reglamentda belgilangan muddatlarda sifatli ko‘rib chiqishni ta’minlash jarayonini raqamlashtirishsiz tasavvur qilish qiyin.
Aynan shu maqsadda Agentlik tomonidan Davlat ilmiy dasturlarining yagona elektron platformasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur platforma hozirda 10 ming nafarga yaqin foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Arizalar soni yildan-yilga oshib borishiga qaramay, jarayonlarni raqamlashtirish asosida arizani ko‘rib chiqish muddatini qisqartirishga erishilmoqda. Xususan, 2023 yilgacha arizalarni ko‘rib chiqish muddati ariza kelib tushishidan boshlab loyihalar moliyalashtirilguniga qadar o‘rtacha 8 oydan 14 oygacha davom etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu davr 5 oydan 9 oygacha qisqartirildi.
Arizalarni ko‘rib chiqish jarayonlari soddalashdi, inson omili kamaydi, ishlash vaqti va qog‘ozli jarayonlar ham kamaytirildi. Barcha jarayonlarni onlayn kuzatish, ma’lumotlar tahlili asosida qarorlar qabul qilish imkoniyati mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA