O‘zbekiston va Vengriya davlatlarining strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib bormoqda. Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifida bu yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Tashrif doirasidagi uchrashuvlarda ikki davlat yetakchilari xavfsizlikka tahdid solayotgan xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston va Vengriya davlatlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ham yangi va ilg‘or yondashuvlar, samarali va ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.    

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Saparov shu haqda gapirib berdi: 

– 2023 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida joylashgan Xalqaro huquqni muhofaza qilish akademiyasida kiberjinoyatlarni tekshirish va kriptoaktivlardan foydalanish bo‘yicha o‘quv seminari, shuningdek, “Davlat boshqaruvida korrupsiya” mavzusida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etgan. 

Joriy yil avvalida esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov rahbarligida Vengriya Milliy himoya xizmati vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur muloqot o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qator muhim masalalarni muhokama qilish imkonini berdi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash hamda davlat xizmatida halollik tamoyillarini mustahkamlash borasida Vengriya tajribasini chuqur o‘rganishga alohida qiziqish bildirildi. 

Uchrashuvning amaliy natijasi sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlar salohiyatini, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini tashkil etish, stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 Ushbu hamkorlikning ahamiyati va zarurati haqida so‘z ketganda, avvalo,  Vengriyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yutuqlari va aniq amaliy natijalarga to‘xtalish kerak. Jumladan, NPS tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat boshqaruvi tizimining aksariyat qismida halollik testlari o‘tkazib kelinadi. 2022 yilda NPS jami 278 halollik testini o‘tkazgan va natijada 13 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2023 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 yil ichida jami 8 ming 830 halollik testi amalga oshirilgan bo‘lib, ulardan 137 tasi jinoiy yoki ma’muriy ish yuritishga olib kelgan, 83 tasi esa sudning hukmi bilan yakunlangan. 

2014 yilda Vengriya hukumati korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida Milliy himoya xizmati tarkibida maxsus Korrupsiyaga qarshi kurashish departamentini tashkil etgan. Bu departamentning asosiy vazifasi – davlat organlarida korrupsiyaga qarshi profilaktika ishlarini olib borish, korrupsiya xavflarini aniqlash va ularga qarshi samarali choralar ko‘rishdan iborat.

Vengriyaning korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy yondashuvining yana bir yorqin dalili – 2022 yil oktyabr oyida mamlakat parlamenti tomonidan Integrity Authority’ning tashkil etilganidir. Ushbu idora Yevropa Ittifoqi mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini va korrupsiyaga qarshi kurashishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida faoliyat yuritishni boshladi. 

Vengriyaning aksilkorrupsiya siyosatida davlat fuqarolik xizmatida halollikni ta’minlashga qaratilgan choralar salmoqli ahamiyatga ega. Birgina misol: davlat idoralarini halollikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarda birlashtirish, ularning umumiy qadriyatlarini yangilash va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2024 yil 10 dekabr kuni Budapesht shahrida Milliy himoya xizmati Korrupsiyaning oldini olish boshqarmasi tomonidan birinchi “Integrity Café” tadbiri tashkil etildi. 

Yana bir e’tirofli tomoni, NPS Yevropa Kengashiga a’zo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurash va politsiya nazorati organlarini birlashtiruvchi Korrupsiyaga qarshi Yevropa hamkorlari tashkiloti (EPAC) tomonidan 2024 yil uchun ta’sis etilgan Korrupsiyaga qarshi Yevropa hamkorlari mukofotiga sazovor bo‘ldi. 

Mukofot korrupsiyaga qarshi kurashda tashabbuskor va faol darajada ishlayotgan, innovatsion usullar hamda vositalar orqali korrupsiyaga qarshi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan tashkilotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. 

NPSning Korrupsiyaga qarshi kurash departamenti tomonidan taqdim etilgan dastur korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan uchta muhim loyihani o‘z ichiga olgan: o‘qituvchilar uchun halollik bo‘yicha trening, talabalarda shaxsiy mas’uliyat va xabardorlikni oshirishga qaratilgan ta’lim dasturi, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida sovg‘a yoki pora to‘lashni kamaytirishga qaratilgan reklama kompaniyasi.

Ayni paytda Vengriyaning milliy korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi (2023–2025) mamlakatda aksilkorrupsiya islohotlari rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.  Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu strategiya korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ustuvor yo‘nalishlar va amaliy choralarni kuchaytirish, davlat organlari faoliyatini yanada shaffoflashtirish, davlat xizmatida halollikni oshirish va korrupsiyaga qarshi boshqa samarali mexanizmlarni joriy qilishga xizmat qilmoqda. 

Joriy yilning 5 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha belgilab berilgan eng muhim vazifa va maqsadlarni samarali amalga oshirish, ko‘zlangan natijalarga erishish, shubhasiz, xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish nihoyatda muhimligi qayd etildi. 

Shu nuqtai nazardan Vengriyaning aksilkorrupsiya siyosatidagi ijobiy natijalar bilan yanada yaqindan tanishish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish ikki mamlakat uchun ham manfaatlidir. 

Shu bois bugungi kunda Venriya Milliy himoya xizmati va O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, halollik va shaffoflikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu sa’y-harakatlar yaqin istiqbolda o‘zining aniq va amaliy samaralarini namoyon etadi. 

N.Abduraimova,

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Vengriya: korrupsiyaga qarshi kurashishdagi hamkorlik  davlat xizmatida halollikni ta’minlashga qaratilmoqda