Bugun, 23 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 11-tur uchrashuvlariga start beriladi va bahslar 26 may kuniga qadar davom etadi.
Turning ilk kunida “Nasaf” – OKMK va “Andijon” – “Surxon” jamoalari raqobatlashsa, 24 may kuni “So‘g‘diyona” – “Buxoro”, “Neftchi” – “Sho‘rtan”, 25 may kuni “Navbahor” – “Qo‘qon-1912”, “Paxtakor” – “Xorazm”, “Dinamo” – “Qizilqum”, 26 mayda esa “Mash’al” – “Bunyodkor” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Mazkur turni boshlab beradigan “Andijon” – “Surxon” bellashuvi soat 19:00da “Bobur-arena” stadionida start oladi va ushbu o‘yin oldidan jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasini taqdim etishni lozim topdik.

Jamoalarning ilk to‘qnashuvi 1992 yili bo‘lib o‘tgan va bugunga qadar milliy chempionatimizda jami 34 marta uchrashuv o‘tkazilgan. Ularda “Andijon” 17, “Surxon” esa 11 marotaba g‘alaba qozongan. Qolgan 6 bahsda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 62/43 “Andijon” klubi foydasiga.
So‘nggi bor “Andijon” “Bobur arena”da “Surxon”ni 2021 yilgi mavsumda 1:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, shu yilning 17 aprel kuni O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda “Surxon” 3:2 hisobida g‘alaba qozongan.

Bu yilgi Superliga bahslarining ortda qolgan 10 turi yakuniga ko‘ra, “Surxon” 13 ochko bilan 8-pog‘onada borayotgan bo‘lsa, “Andijon” 9 ochko jamg‘arib, 13-o‘rindan joy olgan.
Endi esa bu turning markaziy uchrashuvi deyilayotgan “Nasaf” – OKMK to‘qnashuviga to‘xtalib o‘tamiz. Ushbu jamoalar ayni damda o‘tgan yildagi kabi Superliganing peshqadamlari bo‘lib turibdi. Jumladan, 10-turdagi natijalardan so‘ng OKMK 23 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Nasaf” 22 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Shu o‘rinda o‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu ikki klub Superligada (Oliy liga) bugunga qadar 36 ta o‘yinda raqobatlashgan. Ularning 17 tasi Qarshi shahri bosh jamoasining g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, 14 ta o‘yinda durang qayd etilgan. OKMK esa 5 uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan. To‘plar nisbati 57/33 - “Nasaf” foydasiga. Jamoalar so‘nggi bor roppa-rosa 1 oy avval O‘zbekiston kubogi doirasida to‘qnash keldi. Unda Mirjalol Qosimov shogirdlari 3:2 hisobida zafar quchdi.
Darvoqe, bugungi uchrashuv Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida soat 20:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA