Yevropa kurash konfederatsiyasi, Fransiya kurash federatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyalari hamkorligida joriy yilning 21-23 iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
—O‘tgan yil yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan Parij bu safar kurash bo‘yicha dunyoning eng kuchli sportchilarini jamlaydi. Nufuzli turnirni yuqori saviyada tashkil etish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Turnir davomida Parij shahrida O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib etadigan ko‘ngilochar madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, — deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un Umarov.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu ochiq xalqaro turnirda erkaklar -90, +90 kg, ayollar -70, +70 kg vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Xalqaro turnir Parij shahrining “Emil Anthoine Stadium” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro turnirning mukofot jamg‘armasi 30 ming yevrodan iborat bo‘lib, kurashchilarning erishgan natijalari Xalqaro kurash assotsiatsiyasi reyting tizimida qayd etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA