21 may kuni Budapesht shahridagi Varoshliget bog‘ida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston birinchi xonimlari hamda Vengriya Bosh vaziri rafiqasi ishtirokida madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Vengriya Bosh vaziri rafiqasi Aniko Levai hamda Qirg‘iz Respublikasi birinchi xonimi Oygul Japarova hamrohligida Varoshliget bog‘idagi Musiqa uyiga tashrif buyurdi.
Musiqa uyi 2022 yilda mashhur yapon me’mori Sou Fudzimoto loyihasi asosida qurilgan madaniyat va ta’lim markazidir. Tashrif doirasida birinchi xonimlarga Vengriya xalq musiqasi ansambli tomonidan maxsus konsert dasturi namoyish etildi. Unda an’anaviy vengr kuy-qo‘shiqlari bilan birga Markaziy Osiyo xalq kuylari ham ijro etildi. Bu xalqlar o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va musiqiy merosdagi uyg‘unlikning yana bir bor tasdig‘i bo‘ldi. Mehmonlarga Musiqa uyining qurilish tarixi va faoliyat yo‘nalishlari haqida so‘zlab berildi.
Birinchi xonimlar “Ovozli o‘lchamlar – vaqt va makondagi musiqiy sayohatlar” deb nomlangan doimiy ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdilar. Ushbu interfaol ekspozitsiya 300 dan ziyod musiqiy parchalar asosida Yevropa va Vengriya musiqasi rivojining yetti asosiy bosqichini qamrab oladi.
Madaniy sayohat doirasida mehmonlar «ovozli gumbaz» – 360 darajali audiovizual installyatsiya bilan tanishdilar. Shuningdek, markazdagi konsert zallari, musiqiy ta’lim laboratoriyalari hamda ilg‘or akustik texnologiyalarga ega shourumlar ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva Varoshliget bog‘ida joylashgan, gotika, barokko va renessans uslublarini uyg‘unlashtirgan Vaydaxunyad qasrida bo‘ldi.
Ushbu qasr binosida Vengriya Qishloq xo‘jaligi muzeyi joylashgan bo‘lib, unda venger xalqining an’anaviy dehqonchilik, uzumchilik, oziq-ovqat ishlab chiqarishga oid noyob eksponatlari namoyish etilmoqda.
Tashrif davomida madaniy meros, musiqa va tarix turkiy xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan omil ekani yana bir bor e’tirof etildi.
O‘zA