21–22 may kunlari O‘zbekiston ilk bor Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgan “M360 GSMA Eurasia 2025” forumiga mezbonlik qilmoqda. Tadbirda 500 dan ortiq ishtirokchi, 40 dan ziyod yetakchi spiker va 200 dan ortiq xalqaro IT kompaniyalari vakillari qatnashmoqda.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida GSMA (GSM Assotsiatsiyasi) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni ilgari surish, mamlakatni mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish, raqamli bozorning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Forumning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, GSMA bosh direktori Vivek Badrinath hamda VEON kompaniyasi bosh direktori Kaan Terziog‘lu ishtirok etdilar. Ular o‘z chiqishlarida sun’iy intellekt va 5G texnologiyalarini joriy etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

— Forum orqali biz nafaqat O‘zbekistonning raqamli salohiyatini dunyoga ko‘rsatyapmiz, balki mintaqa miqyosida yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq tashabbus va rejalarga ham asos solyapmiz, — dedi vazir Sherzod Shermatov.
Tadbir O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, mamlakat imidjini mustahkamlash, yangi investitsiya oqimlarini jalb qilish hamda biznes, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning jadal rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Forum 22 may kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
N.Rahmonova, O‘zA