Bolaga ism qo‘yish xalqimiz uchun o‘ta muhim masalalardan biri hisoblanadi. Muqaddas dinimizda farzandga yaxshi ot tanlash ota-onaning muhim burchlari qatorida sanaladi. Ismlarda ota-ona va yaqinlarning farzanddan kutgan orzu-havaslari aks etadi. Sobirjonga ism tanlashganida ota-onalarimi, bobo-bibilarimi uning sabrli bo‘lishini tilashgan bo‘lishsa kerak.

“Har ismning o‘z tilsimi bo‘ladi”, – deyishadi. Ehtimol, rostdir.

Taqdir uning sabrini ko‘p bor sinadi. 

Birinchisi – bolaligida soppa-sog‘ oyog‘i nogiron bo‘lib qoldi. Totmagan dardi, chekmagan azobi kam qoldi. Hozirgi O‘zMUning Jurnalistika fakultetiga ham o‘zidan to‘rt yosh kichiklar bilan birga kirib o‘qidi. 

O‘qishni bitirib, yo‘llanma bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan Toshkent viloyatining Piskent tumanida chiqadigan “Mehnat bayrog‘i” (hozirgi “Piskent hayoti”) gazetasiga ishga bordi. Sabr bilan ishladi.  2007 yili “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi ham bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar hamda Jurnalistlar uyushmalari a’zosi ham bo‘ldi. Hash-pash deguncha o‘ttiz to‘rt yil ortda qolib, muharrir o‘rinbosari lavozimidan pensiyaga chiqdi. Buni ikkinchi bir sabr belgisi hisoblash ham – mumkin. 

O‘zi kabi jurnalist, ijodkor qizga uylandi. Ikki o‘g‘il, ikki qiz ko‘rishdi. Voyaga yetkazishdi. Hammasi risoladagidek ketayotgan edi. Atrof havas qiladigan oilaga birdan ko‘z tegdi, chog‘i: ayoli og‘ir kasallikka chalinib, to‘shakda yotib qoldi. Shu yotgancha qirq ikki yil yotdi. Yaratgan uchinchi bor sabrini qattiq sinadi. Ehtimol, bundaylar yana bordir, lekin kamina umrimda to‘shakdagi ayoliga gulday qaragan bunday erkakni ko‘rmaganman. Bu uchinchi sabr edi. 

Hozir zamon tezlashib ketdimi, yo sabr kamayib ketdimi, bir nima deyish – qiyin. Har holda, maktab yoshida potirlatib nazmiy yoki nasriy kitoblar chiqarib tashlayotgan o‘quvchilar ham bor. Aynan adabiyot yo‘nalishida Zulfiya mukofotini olganlar necha nafar bo‘ldi-yu, keyin ham ana shu ijodini izchil davom ettirib, adabiyot ravnaqiga hissa qo‘shganlar soni – qancha? Bilsangiz, ayting.

Biz hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritayotgan akamizning “Qo‘msash” degan birinchi hikoyalar to‘plami u ellik besh yoshga to‘lganida, ya’ni 2005 yili O‘zbekiston milliy kutubxonasi nashriyotida chop etildi. “To‘rtinchi sabringga ham balli-ye!” deging keladimi-yo‘qmi? Biroq: “Yaxshi ot keyin chopadi”, – deganlaridek, keyin  har bir-bir yarim  yilda bittadan kitob chiqardi: “Najot ko‘prigi” (2006), “Tun bag‘ridagi  sharpa” (2007), “Hayot  inshosi” (2008), “Chinorlar uzoq  yashaydi” (2009), “Ko‘zlari  nigoron” (2013), “Yo‘l bo‘ylab” (2014), “Soqov xotin” (2015, roman), “Egali  uy” (2016), “Osmonning  ustuni” (2017), “Hayot, yo‘l, umr” (2018), “Bedor qalb  tuhfalari” (2019), “Ortga  qaytmas  umr” (2021), “Charxpalak  dunyo” (2023), “Qismat  bitigi” (2024)... 

Uning oxirgi kitobini ataylab bu yerda tilga olmadim. Chunki u – beshinchi sabr isboti uchun kerak.

O‘tgan yili u ellik bir yillik yostiqdoshidan ayrildi. Unga oldingilarining barini qo‘shgandagidan ham kuchliroq  sabr kerak bo‘ldi... Yuz kun o‘ziga kelolmadi. Har kuni ayoli haqida yozdi. Oxiri “Ortimizda iz qolsin, chiroq qolsin” degan kitob yuzaga keldi. Uni ko‘z yoshlanmay o‘qish – amri mahol. “Toshkent haqiqati” gazetasi shu yilning 12, 15 va 19 mart sonlarida shu asarni “Yolg‘izlikning yuz kuni” nomi bilan e’lon qildi. Tahririyatga ko‘plab gazetxonlardan maktublar keldi.

“Mehr”, “sog‘inch”, “qo‘msash”, “yupanch”, “adolat”  degan so‘zlar –aytishgagina oson. Biroq... 

Birinchidan, bunday o‘ta insoniy tuyg‘ular har kimda har xil darajada mavjud yo rivojlangan.  Ikkinchidan, yashash uchun kurash juda murakkablashgan, bir qadar maydalashgan, ishlab chiqarishi qoloq jamiyatlarda ancha kamchillashadi. Uchinchidan, tirikchilik g‘ami bilangina andarmon kishilar orasida bu nozik  hisni qadrlaydiganlar kam topiladi.   

Bu yozuvchi asarlarini birlashtirib turadigan bosh xususiyat  shu − ulardagi  qahramonlar mehr, sog‘inch, qo‘msash, yupanch, adolatning  quli. Ular – shu qadriyatlar uchun kurash yo‘lida qurbon bo‘lishga tayyor.

Masalaning ikkinchi jihati ham – bor.

Agar Alisher Navoiydek buyuk qalam sohibi   faqat poytaxt Hirotdagi shoirlarnigina tan olib, chekka-chekka yerlarda yashab, ijod bilan band she’r shaydolarini  pisand-manzirat qilmasa edi, “Majolis un-nafois” tazkirasi juda yupqa, buning ustiga,  g‘aribgina bir tazkira bo‘lur  edi...

Har gal bu akamiz yozganlarini o‘qiganda, ko‘ngildan shu fikr kechadi.  Chunki bu kamtaru kamsuqum qalamkash Piskentda umrguzaronlik qiladi. Qalbida adabiyot yashaydi. Bo‘lmasa, kitob yozarmidi? Axir, otasi rahmatlidan azbaroyi mehnatning kuchi bilan obod qilingan hovlisiyu tokzor bog‘i – bor. Keyin yonidan ikki o‘g‘liga ham yer olib hovli solishdi. Uchovlariga tegishli yerlarni qo‘shib hisoblaganda jami – 65 sotix. Shu uzumzorlarning tagidagi o‘tlarni yoki tok barglarini terib ham yiliga ikkita buqa semirtirsa bo‘ladi. Yo‘q-da, kitob yozadi. So‘zga ishqi – bor-da. Dunyo tarixini titkilab, amin bo‘lamizki so‘z san’atiga ishtiyoq har kimda ham paydo bo‘lavermas ekan.

Yozuvchining aksar asarlarida sodda, tanti, mard, mehnatkash qishloq kishilarini shundoqqina ko‘rib turasiz. Ishonsangiz, ular siz bilan dardlashadi.

Ko‘plar sho‘ro zamoni haqida og‘iz ko‘pirtirib gapiradi. Lekin tahlil qilmaydi. Nega dunyoning sotsializm tizimidagi aksar mamlakatlari bu tuzumdan voz kechib yuborgani sababini qidirib ham o‘tirmaydi. Holbuki, mehnat va uning mahsulotiga egalik qilish tizimi inson tabiatiga mos emasligi, takomilga yetmagani uchun chinakam iqtisodiy taraqqiyot yuz bermadi. “Shonazar otaning g‘azabi” hikoyasida bunaqa ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy masalalar ilmiy yoki jurnalistik tahlil etilmaydi. Oddiygina bir inson − kolxoz oshpazining adolatsizlikka chidayolmasligi o‘sha zamonda ko‘p takrorlangan, hozir ham uchrab turadigan hayotiy voqelik orqali ko‘rsatiladi. Farosati bor odam tushunib oladiki, mehnatni ko‘pchilik qilsa-yu, hosilni tekinxo‘rlar o‘marib ketaversa, bunday jamiyat qanday taraqqiy etsin?!

Tuzum shu niyatda o‘zgartirilyapti, islohot aynan shu maqsadda amalga oshirilyapti, degan tushunchaga kelishimiz uchun ham bizga o‘sha sho‘ro davrini teran badiiy tahlil etadigan asarlar – kerak. Chunki adabiyotda ijtimoiy tuzum yaxshi-yomonligi bevosita odamlar taqdiri, ularning baxti yoki fojiasi orqali ifodalanadi-da.

“Mehr” hikoyasi qahramoni bo‘lmish Sadoqatning prototipi – bor. Kamina ham taniyman. Muallif uni kunda ko‘rib yurgani hayotning o‘zidan shundoqqina olib yozib qo‘ya qolgan.

“Andisha” hikoyasi kutilmagan tasvir bilan tugaydi. To‘qsonni qoralab qo‘ygan Ruxsora momo ming bir andisha bilan o‘g‘illari holidan xabar olmayotganini mahalla oqsoqoliga sekingina shipshitadi. Andishasini ham aytadi. Rais ham – tushunadigan odam. “Bo‘ldi, o‘g‘illaringiz bilan o‘zim uchrashaman. Bu do‘stu dushman eshitgulik gap emas”, − deydi. Lekin...

Esi qursin-a, momo mahalla idorasiga qo‘shni qizchani ergashtirib borgan edi-ku!.. Axir, qishloqda elning og‘ziga elak tutib bo‘ladimi? “Bu qizcha shuncha andishani bir pul qilib, uyidagilarga aytmaydi”, – deb kim kafolat beradi? Birov bildimi,  el bildi, deyavering.

Bu hikoyachada boshqa g‘oya yo talqin – yo‘q. Lekin millat – bor. G‘alati xalqmiz-da. Muallif shuni aytmoqchi. Adabiyotgina shunday tarzda ayta oladi.

“Qo‘msash” ham − ta’sirchan hikoya.  Yozuvchi gapni aylantirib, bo‘yab-bejab o‘tirmaydi. Safar jo‘rasi vafot etdi-yu, Samar otaga qiyin bo‘ldi. “Bir haftadayoq ko‘zidan nuri ketib, darmonsizlandi-qoldi”. Jo‘rasining odatini yaxshi biladi: har kuni sahar-mardonda o‘g‘illarini uyg‘otib, ishga jo‘natardi. Oxiri bir kuni azonda hassa taqillatib bordi-yu, Safar otaning o‘g‘illarini uyg‘otdi − ko‘ngli tinchigandek bo‘ldi. Shu kuni o‘g‘illarga ham otalari tirilib kelgandek tuyuldi.   

“Siz adamni taniysizmi?” hikoyasida ham mehr qalamga olingan. Faqat bu yerda voqea − o‘zgacharoq, vaziyat − boshqa, qahramon − bo‘lak. “Ma’murjon” degan bolakay kasalxona darvozasi oldida intiq bo‘lib otasini kutadi. Dadasi kelmaydi, undan xabar olmaydi. Chunki... ichadi. Ichganda onasini urgan, o‘g‘lini ham quvib, kaltaklamoqchi bo‘lgan, keyin ona-bolani tashlab ketgan. 

“Adamni yomon ko‘raman, bildingizmi?!” − deydi bola. Aslida esa...  Bu gapni alamidan aytadi. Azbaroyi yaxshi ko‘rganidan, sog‘inganidan ichikib qoladi. Oxiri, tog‘asi do‘xtirni ham olib, dadasini topib kelishga ketishadi.

Hikoyada ichkilik qoralanib, quruq va’zxonlik qilingan, uning zarari obdon tushuntirilgan emas. Ammo o‘sha zormandaning bir murg‘ak ko‘ngilni qanchalar zada qilib tashlayotgani, bo‘lajak shaxsni nechog‘lik sindirayotgani   hayotiy tasvir orqali ko‘rsatib qo‘ya qolinadi.

Sobirjon aka hikoyalarining  mazmuni bir-bir so‘zlab berilmoqchi emas. Aytilmoqchiki, ularni o‘qisangiz, shubhasiz, ma’nan taskin topasiz. Ruhingizda ezgulikka mayl paydo bo‘ladi. Muhimi − shu.

Darvoqe, u 2022 yili “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rildi. U kishining Piskentda Muzayyana Alaviya nomidagi adabiyot to‘garagi rahbari  sifatida faoliyatiga ham havas qilsa, arziydi.

Yaratgan shuncha sabr in’om etgan, ismi jismiga mos bu akamiz – kim?  Sobirjon Inomov-da! 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zuhriddin Isomiddinov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Yunus Uzoqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nabijon Rahmatov, Mirzapo‘lat Toshpo‘latov, kamina va yana qancha boshqalar besh yil Jurnalistika fakultetida birga o‘qiganmiz. 

O‘zi-ku yetmish beshni urib qo‘ydilar. Ammo saboqdoshlik qiziq bo‘lar ekan: oradan yarim asrcha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, xayolimizda biz o‘sha-o‘shadaymiz-da. Sobirjon aka  ham – hamon o‘sha-o‘shaday. Biz – ukalar ham hazildan qolmaymiz, deng. Erkalanamiz-da.

Iloho, yana ko‘p-ko‘p uzum (“qovun” emas) pishig‘ida ana shunday erkalanib yuraveraylik. Chillaki pishganidan toifiga qizil yugurguniga qadar Piskentga uzumxo‘rlikka qatnayveraylik. 

Biroq endi yuzga kirish uchun akaga oltinchi sabr – kerak. Chunki Alisher Navoiy:

Yuz yil kishi umr tilar, bil, –

Kim sabr kerakdur anga yuz yil, –

degan.

Sultonmurod Olimov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ismning tilsimi