Millat fidoyilari
Poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘ida davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida “Millat fidoyilari” xiyoboni tashkil etildi. Bu maskan mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan.

Yaqinda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz ushbu xiyobonda bo‘lib, Vatan himoyachilarining oila a’zolariga minnatdorlik bildirdi, ular bilan dildan suhbatlashdi.
– Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon o‘chmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qo‘ydik. Men ularning ota-onalariga, turmush o‘rtoqlariga ta’zim qilaman, – dedi Prezidentimiz.
Xiyobonda nomi bitilgan 196 nafar qahramon orasida samarqandlik Ulug‘bek Barnoyev ham bor.

Bugun uning nomi faqatgina kattaqo‘rg‘onlik yoki samarqandliklarga emas, barcha yurtdoshlarimizga yaxshi tanish. Yurt osoyishtaligi, xalqimiz xotirjamligi uchun ko‘ksini qalqon qilgan, Vatanning har bir qarich yerini muqaddas bilgan mard o‘g‘lonlar qatorida Ulug‘bek ham alohida hurmat-ehtirom bilan yod etiladi.
2000 yilda mamlakatimizning janubiy sarhadlari orqali yurtimizga suqilib kirmoqchi bo‘lgan xalqaro terrorchilar yo‘lini to‘sib, yovuz niyatlari amalga oshishiga to‘sqinlik qilgan harbiylarimiz orasida Ulug‘bek Barnoyev ham yuksak matonat, fidoyilik ko‘rsatdi. U o‘z qasamyodiga sadoqati, ona-Vatanimiz va xalqimizga cheksiz mehr-muhabbatini ushbu janglardagi jasorati bilan yana bir bor namoyon etdi. Buning uchun hatto jonini ham ayamadi.
Xalqimizda “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan hikmatomuz gap bor. 1978 yilning 1 noyabrida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan Ulug‘bekning bolaligi haqida eshitganimizda ham shu gap yodimizga tushdi.
– Alloh menga Ulug‘bekni ato etganda quvonchim ichimga sig‘magan, – deydi Ulug‘bekning otasi Abdulla Barnoyev. – Uni ilk bor qo‘limga olganimda yuzida onamdagi singari xoli borligini, barmoqlari, kaftlari otamniki kabi ekanligini ko‘rib, hayratim oshgan. Men uning yuz-ko‘zlarida ota-onamni ko‘rardim. Buni ularning o‘zlari ham his qilgan ekanlar. Shuning uchun Ulug‘bekka mehrlari boshqacha edi. Bolaligidan mard, bir so‘zli bo‘lib ulg‘ayishi, tartib-intizomni yaxshi ko‘rishida ota-onamning o‘rinlari juda katta bo‘lgan. O‘zim sport bilan shug‘ullanganim uchun uni ham yoshligidan jismoniy mashqlar bilan chiniqtirib o‘stirishga harakat qilganmiz. Maktabda sambo, kurash to‘garaklariga qatnashardi.
– Ulug‘bekning bolaligi haqida eslasam bir voqea yodimga tushaveradi, – deb suhbatni davom ettiradi onasi Sabohat opa. – Qo‘shnilarimizdan biri o‘zining hovlisi kichikligi uchun bizning hovlimizga qurilish materiali tushirgan edi (U paytda qaynona-qaynotam bilan katta hovlida yashardik). Oradan bir necha kun o‘tgach uyiga usta chaqirib, materialning bir qismini olib ketish uchun kelishadi. Uyda kattalardan hech kim bo‘lmagani sababli Ulug‘bekka maqsadlarini aytishadi. U esa, “men sizlarni tanimayman, egasining o‘zi kelsin. Keyin olib ketasizlar” deb hovliga kiritmaydi. Ustalar uy egasi ishda ekanligi aytib tushuntirishga urinsalar ham ko‘nmaydi. Xullas, qo‘shnimizning o‘zi kelganidan so‘ng, ularni uyga kiritadi.
Ulug‘bek Kattaqo‘rg‘on shahridagi 16-maktabda o‘qigan. Maktabning eng faol, a’lochi o‘quvchilaridan biri sifatida tengdoshlariga namuna bo‘lgan. Sportga qiziqsa-da boshqa fanlarni ham puxta o‘zlashtirib, fan olimpiadalarda qatnashgan.
Maktabni bitirgandan so‘ng Ulug‘bek shahardagi 19-hunar texnika bilim yurtida o‘qidi. Keyin muddatli harbiy xizmatga boradigan bo‘ldi.
– Bilim yurtini bitirgan paytda Ulug‘bek bir nechta kasb-hunarni egallagan, tog‘alarining yonida yurib, tadbirkorlikni ham o‘zlashtirgan edi, – deydi Abdulla aka. – Biz uni endi shu yo‘ldan ketadi, deb o‘ylagandik. Bir kuni oila davrasida o‘tirganimizda “men armiyaga ketyapman, tibbiy ko‘rikdan o‘tdim, hujjatlarim deyarli tayyor” deb qoldi. Hayron bo‘ldik. Oliy o‘quv yurtida o‘qimaysanmi, deb so‘radik. Tog‘alari yonida ishlashga taklif qildi. U esa “avval xizmatga borib kelay, keyin o‘qish ham, ish ham bo‘lar” dedi. Ochig‘i, o‘sha paytda o‘g‘limning bu qaroridan faxrlanganman, uning ulg‘aygani, o‘z fikriga ega bo‘lganini ko‘rib quvonganman.
1997 yilda muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan Ulug‘bek Barnoyev xizmat jarayonida yana ham toblandi, jismoniy, harbiy-jangovar mashqlarni bajarishda safdoshlariga namuna bo‘ldi. Qurolli Kuchlar tizimida o‘tkazilgan bir qator harbiy musobaqalarda o‘zini ko‘rsatdi. Bir yarim yillik xizmat Ulug‘bekni chinakam Vatan himoyachisi etib tarbiyaladi. Uning ko‘nglida endi harbiylikdan boshqa sohaga havas ham, ishtiyoq ham yo‘q edi. Shuning uchun u milliy armiyamiz saflarida shartnoma asosida xizmatchi sifatida faoliyatni davom ettirishga qaror qildi. Yangi tashkil etilgan maxsus operatsiyalar bataoloni xizmat qildi. 2000 yilda Surxondaryodagi jangovar harakatlarda ham birinchilar qatorida yovga qarshi kurashdi, ularga keskin zarbalar berdi. Afsuski, 4 avgust kuni dushmanlarga qarshi navbatdagi harbiy amaliyot chog‘ida Ulug‘bek og‘ir jarohat olib, vafot etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 25 avgustdagi Farmoniga muvofiq Ulug‘bek Barnoyev “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Bugungi kunda ushbu mukofot, shuningdek, davlatimiz mustaqilligi hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining muhim sanalari munosabati bilan berilgan esdalik nishonlari Abdulla akaning xonadonida Ulug‘bek uchun ajratilgan xonada saqlanmoqda.
– O‘g‘limiz Ulug‘bekjon 22 yoshida shuncha ezgu ishlar qilishga ulgurganini ochig‘i, uning vafotidan so‘ng bildik, – deydi Sabohat opa. – Haligacha xonadonimizga kelib, uning xotirasini yod etishadi, “shunday farzand o‘stirganingiz uchun rahmat” deb ketishadi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi yirik ko‘chalardan biriga uning nomi berilib, surati qo‘yilgan. Shu ko‘chadan o‘tayotganlar ham uyimizga kirib bizdan hol-ahvol so‘rashadi, Ulug‘bekning jasorati uchun minnatdorlik bildirishadi. U o‘qigan maktab va kollejda ham xotira burchaklari tashkil etilgan. Har yili turli tadbirlar o‘tkazishadi. Ulug‘bekning vafotidan so‘ng davlatimiz tomonidan berilgan yordam tufayli ushbu hovlini olgandik. Yonida mo‘’jaz bog‘i ham bor. Bu bog‘ni Ulug‘bek bog‘i deb ataymiz. Bu yerda yetishtirilgan turli noz-ne’matlarni qo‘ni-qo‘shnilarga tarqataman, Ulug‘bekni so‘rab keladigan mehmonlar dasturxoniga qo‘yaman. Uyimizning bitta xonasini ham o‘g‘lim uchun ajratib, uning albomlari, mukofotlari va harbiy liboslarini saqlaymiz.
Ulug‘bek Barnoyevning suratlari, u haqda yozilgan kitoblar, gazetalar orasidan ixcham bir yon daftarni olib varaqlaymiz. Unda ushbu xonadonga Ulug‘bekni yod etish uchun kelgan safdoshlari, do‘stlarining dil so‘zlari bitilgan:
“Ulug‘bek bilan qiyinchiliklarni birga yengib o‘tganmiz. Men u bilan faxrlanaman. Uning ruhi doim biz bilan birga bo‘ladi.
Azamat Esonov”.
“Ulug‘bek haqiqiy do‘st, haqiqiy Vatan himoyachisi edi. U o‘z qo‘l ostidagi askarlarni ham o‘zidek mard va jasur etib tarbiyaladi. Ular hozir bizning safimizda. Ulug‘bek do‘stim, sen biz bilan abadiy yashaysan.
Tolib Rajabov”
Darhaqiqat, Ulug‘bek singari Vatan himoyachilari, jonajon O‘zbekistonimizning mustahkam qalqonlari xalqimiz qalbida adabiy yashaydi. Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi Ulug‘bek Barnoyev byusti o‘rnatilgan. Maktab va bilim yurtida Ulug‘bek Barnoyevning o‘quvchilik va harbiy xizmat davri haqidagi ma’lumotlar, suratlardan iborat xotira burchagi tashkil etilgan. Shahardagi ko‘chalardan biri ham uning nomi bilan ataladi.
Bu yoshlarga Ulug‘bek Barnoyevning qisqa bo‘lsa-da ibratli va jasoratga to‘la umr yo‘lini eslatib turadi, ularni vatanparvar, mard inson bo‘lib kamolga yetishga ruhlantiradi.
G‘olib HASANOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA muxbirlari