Joriy yilning may oyi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida sport voqeliklariga boyligi bilan ajralib turadigan davr sifatida tarixda qoladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aynan uyg‘onish va yasharish fasli bahorning so‘nggi oyida mamlakatimizda mahoratli sportchilarni kashf etishning yangicha tizimi bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalariga start berilgan bo‘lsa, suv sport turlari, ot sporti, kurash, erkin kurash, boks, taekvondo, voleybol, gandbol, basketbol, kamondan otish kabi yo‘nalishlarda o‘tkazilgan chempionatu birinchiliklar haqiqiy sport bayrami ko‘rinishini oldi.

Sport vazirligida joriy yilning 22-25 may kunlari poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo kubogi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun shu yilning 28-31 may kunlari Nukus shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasida tashkil etiladigan qit’a va jahon chempionatlariga tayyorgarlikka bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida may oyidagi sport tadbirlarining ahamiyati va o‘rni xususida so‘z yuritildi.

Sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish davomida nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, chet mamlakatlardan kelayotgan sport delegatsiyalarini munosib kutib olish, joylashtirish, ularning xavfsizligi va salomatligini asrash, xorijiy davlat sport delegatsiyalari uchun yurtimizning diqqatga sazovor tarixiy va zamonaviy maskanlariga sayohatlar uyushtirish, musobaqalarning texnik va taktik jihatlariga alohida e’tibor qaratish masalalari muhokama qilindi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi mutasaddilari, O‘zbekiston belbog‘li kurash va dzyudo federatsiyasi mas’ullari, daxldor tashkilot hamda idora vakillari qilingan ishlar bo‘yicha axborotlarni taqdim etdi.
Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, mamlakatimiz keyingi paytda xalqaro musobaqalar markaziga aylanib borayotgani, nufuzli sport tadbirlari natijasida O‘zbekistonga sport tashkilotlarining vakillari, mahoratli sportchilar soni ortib borayotgani yurtimizda sport turizmining rivojini yangi bosqichga kutardi.
Yig‘ilish yakunida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, shuningdek, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA