Poytaxtimizda Osiyo gandbol federatsiyasi (AHF) tomonidan tashkil etilayotgan qit’aviy hakamlar kursida O‘zbekiston, Kuvayt, Yaponiya, Eron, Xitoy, Ummon, Hindiston davlatlarining 20 nafardan ziyod hakami saboq olmoqda.

“Asian Continental Handball Referees Course” nomi ostida o‘tayotgan seminar mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Malaka kurs yakunlariga ko‘ra, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislarga tegishli tartibda sertifikatlar taqdim etiladi.

“Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan ushbu seminar mashg‘ulotlarini Osiyo gandbol federatsiyasining o‘yin qoidalari va hakamlar qo‘mitasi raisi Saleh Bin Ashur olib bormoqda.

Ta’kidlash joiz, AHF tomonidan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro o‘quv kursi davomida uning tinglovchilari, Osiyo gandbol federatsiyasi mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida, sport maktablarida, gandbol klublarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uyushtirilishi rejalashtirilgan.
Mashg‘ulotlar ertaga yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA