Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogida “F”, “G” va “I” guruhlarida so‘nggi 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqich yakuniga ko‘ra, 1/8 final bosqichiga yo‘l olishi kutilayotgan to‘rt jamoaning nomi aniq bo‘ladi.
Musobaqaning “F” guruhida “Qo‘qon-1912” — “Qizilqum” va “Zamin” — “Andijon FA” jamoalari bahs olib boradi. Aslida “Qizilqum” hisobida 6 ochko mavjud bo‘lib, ushbu jamoa navbatdagi bosqichga muddatidan avval chiqib bo‘lgan. Biroq guruhni peshqadam sifatida yakunlash uchun durang natija ham ushbu klubni qanoatlantiradi. “Qo‘qon-1912” esa ayni damda 4 ochko jamg‘arib ikkinchi pog‘onada bormoqda. Bu jamoa ham 1/8 finalga yo‘l olgan, biroq so‘nggi turda katta hisobda mag‘lub bo‘lsa, ayni damda 1 ochkoga ega bo‘lib turgan “Zamin” jamoasi “Andijon FA”ni yirik hisobda taslim qilsa, “Zamin” to‘plar nisbatiga ko‘ra navbatdagi bosqichga yo‘l oladi. Ular o‘rtasidagi to‘plar farqi 10 tani tashkil etmoqda. “Andijon FA” klubi ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, kubok bahslari bilan o‘tgan turda xayrlashgan.

“G” guruhida ham qiziqarli vaziyat: “Bunyodkor” o‘tgan turda 6 ochko jamg‘argan bo‘lib, bugungi raqibi “Lokomotiv”dan 3 ochko oldinda. Biroq bu jamoalarning to‘plar farqi teng. “Buxoro” jamoasi hisobida esa 3 ochko bor va to‘plar nisbatiga ko‘ra, ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Ularning so‘nggi turdagi raqibi “Namangan FA” hisobida ochko yo‘q.
Bugungi bahsda “Lokomotiv” har qanday hisobda zafar quchsa, navbatdagi bosqichga 6 ochko jamg‘arib yo‘l oladi. “Buxoro” kamida 2 ta to‘p farqi bilan guruh autsayderi ustidan zafar quchsagina 6 ochko bilan nimchorak final ishtirokchisiga aylanadi. Hozirda 6 ochko bilan peshqadam bo‘lib turgan “Bunyodkor” to‘plar nisbatiga ko‘ra, uchinchi o‘rinda qolib ketadi. Ammo bular oddiygina matematik hisoblar. Aslida, barcha jamoaning guruh bosqichidan chiqishi o‘z qo‘lida.
“I” guruhida ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qilib, peshqadamga aylangan “Xorazm” bu safar o‘z maydonida ochkosiz qolgan “Sirdaryo FA”ni qabul qiladi. Bu guruhning ikkinchi o‘yini bir xil 3 ochko to‘plagan, “Olimpik Mobiuz” va “Jayxun” klublari o‘rtasida kechadi. “Olimpik Mobiuz”ning bugungi raqibidan to‘plar nisbati yaxshiroq ekani bois, jamoani durang ham qanoatlantiradi. “Jayxun” esa faqat g‘alaba qozona olsagina 1/8 final ishtirokchisiga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston kubogining nimchorak finaliga “So‘g‘diyona”, “Aral”, “Dinamo”, “Lochin”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Paxtakor”, OKMK, “Xorazm” va “Qizilqum” jamoalari chiqib bo‘lgan. Kubokning guruh bahslarida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar 1/8 final uchrashuvlarini o‘z maydonida o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA