Poytaxtimizda suzish bo‘yicha I Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston terma jamoalari 158 ta medal jamlanmasi uchun bahslashmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli “Suv sporti saroyi”da mamlakatimizda ilk marotaba o‘tayotgan ushbu nufuzli musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan mazkur majmuaga chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Suv sport turlari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xo‘jayeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda ilk bora o‘tkazilayotgan ushbu yirik chempionat davlatimiz rahbarining yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan, suv sportini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tibori natijasi ekanini alohida e’tirof etdi.
[gallery-23473]
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston sportchilarining xalqaro tajribalarini yuksaltirish, xususan, suv sporti sohasida yetakchi xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, yuqori malaka va tajribaga ega murabbiylar tarkibini shakllantirish yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, suv sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz nufuzli musobaqalarda ulkan g‘alabalarga erishmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda suv sport turlari bo‘yicha yirik xalqaro anjumanlar yuqori saviyada tashkil etilayotir.
Bunga misol qilib, o‘tgan hafta davomida sinxron suzish bo‘yicha o‘tkazilgan “Suv parisi” xalqaro turniri va I Markaziy Osiyo ochiq chempionatini misol qilish mumkin.
Musobaqada sinxron suzuvchilar U12, U15 va kattalar yosh toifalarida O‘zbekiston, Rossiya, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus Respublikasi va Qozog‘iston kabi davlatlardan 200 nafarga yaqin sportchi o‘z chiqishlarini namoyish etdi. Mazkur nufuzli musobaqa yakuniga ko‘ra, sinxron suzuvchilarimiz jami 10 ta oltin, 102 ta kumush va 128 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Suv sporti turlari orasida suzish Olimpiya va Osiyo o‘yinlari kabi nufuzli tadbirlarda eng ko‘p medallar o‘ynaladigan sport turi ekani barchaga ma’lum. Shu bois ham ayni kunlarda O‘zbekiston suv sporti turlari federatsiyasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, suzuvchilarga yanada qulay imkoniyatlar yaratish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Suv sporti turlari federatsiyasi tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizning turli hududlarida suv sporti turlarini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Namangan viloyati va Toshkent shahrida jahon standartlariga mos keladigan 50x25 metr o‘lchamdagi havzalar foydalanishga topshirildi. Qashqadaryoda esa navbatdagi zamonaviy suv sport turlari saroyi qad rostlamoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatida yana bir suzish havzasi bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Albatta, olib borilayotgan mazkur tizimli ishlardan ko‘zlangan maqsad “Los-Anjeles – 2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga suzish, suv polosi, suvga sakrash va sinxron suzish dasturlari bo‘yicha yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdan iborat.
Mamlakatimizda tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqa ham sportchilarimizga katta tajriba maydoni bo‘lishi shubhasiz. Bu kabi musobaqalarda toblangan suzuvchilarimiz jahon sporti maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladi.
Musobaqa davomida “A”, “V” va “S” guruhlarida 50, 100, 200 va 400 metrga erkin usulda suzish, 200 va 400 metrga kompleks suzish, 50, 100 va 200 metrga chalqancha suzish, 50, 100 va 200 metrga batterflyay usulida suzish, 50, 100 va 200 metrga brass usulida suzish, shuningdek, 4x100 metrga kombinatsiyalangan miks estafetasi, 4x100 metrga erkin usuldagi miks estafetasi, 4x100 metrga erkin uslubdagi estafeta, 4x100 metrga kombinatsiyalangan estafeta kabi yo‘nalishlarda bellashuvlar o‘kaziladi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, Alimurod MAMADAMINOV (surat), O‘zA