Parlament nazorati doirasida Andijon, Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etilgan maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) faoliyati samaradorligini oshirish va ularga xorijiy investitsiyalar jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
MIZ faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va doimiy ish o‘rinlarini yaratish borasida maqsadli ishlar olib borilmoqda.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap borli. MIZlar samaradorligini o‘rganish ishlari yakunlari muhokama qilindi.
2020 yilda qabul qilingan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun bilan ularni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishiga doir huquqiy munosabatlar hamda tartib-taomillar takomillashtirildi. Ma’muriy funksiyalarni nomarkazlashtirish, MIZ direksiyalarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning faoliyatini boshqarish mexanizmi soddalashtirildi.
[gallery-23470]
O‘rganilgan hududlarda, jumladan, Andijon viloyatidagi “Andijon-farm”, “Mashinasozlik va elektrotexnika”, Jizzax viloyatidagi “Zomin-farm” va “Jizzax”, Namangan viloyatidagi “Kosonsoy-farm” va “Namangan”, Sirdaryo viloyatidagi “Sirdaryo-farm” va “Sirdaryo”, Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” hamda Toshkent viloyatidagi “Angren”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” MIZda 28,3 trillion so‘mlik 195 loyihani amalga oshirish hisobiga 30 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratilgan.
MIZ ishtirokchilari tomonidan 2024 yilda 27 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, eksport hajmi qariyb 253 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Senatorlar tomonidan MIZda investitsiya loyihalarini tatbiq etishda ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, tashkiliy-huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, jumladan, MIZni xususiy boshqaruvga berish, eksportga ixtisoslashtirish, shuningdek, yer maydonlarini auksionga chiqarish tartibini yanada soddalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Senatorlar, mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mutasaddi davlat idoralari, mahalliy hokimliklar mas’ul rahbarlari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakuni bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA