2024 yilning 16 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishga doir qarori qabul qilindi. Unda aholining ehtiyojmand qatlamini himoya qilish choralari ham nazarda tutilgan.
Jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molida belgilangan me’yordan ortiq sarflangan qismi uchun davlat tomonidan kompensatsiya to‘lanadi. Shuningdek, moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etilgan bo‘lib, barcha to‘lovlar Davlat byudjeti hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali amalga oshiriladi.
Mavzu yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Ijtimoiy to‘lovlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Pardayev bilan suhbatlashdik.
– 2024-2025 yillar isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlami tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilgan hollarda qancha kompensatsiya to‘lab berildi? Bu borada aniq raqamlar mavjudmi?
– Bu davrda aholining ehtiyojmand qatlamiga bir martalik moddiy yordam 290 milliard so‘m, kompensatsiya uchun esa 23 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab berildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 2024 yil davomida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 444,1 mingga yaqin oilaning elektr energiyasi va 92,6 mingdan ortiq oilaning tabiiy gaz oyma-oy iste’moli tahlil qilindi.
Xususan, bitta oilaga to‘g‘ri keladigan elektr iste’moli oyiga o‘rtacha 188 kilovatt soat, gaz 243 metr kub, shundan isitish mavsumida o‘rtacha 250 kilovatt soat elektr va 513 metr kub gazni tashkil etdi. Boshqa oylarda esa 158 kilovatt soat elektr va 108 metr kub gaz sarflamoqda.
Tahlilga nazar tashlasak, oddiy holatda 65,7 foizdan ortiq kam ta’minlangan oilalar elektr energiyasini ijtimoiy me’yor doirasida iste’mol qilsa, isitish mavsumida bu ko‘rsatkich 56 foizgacha tushib ketmoqda. Xuddi shu kabi oddiy holatda 94 foiz kam ta’minlangan oilalar tabiiy gazni (500 kub.metrgacha) ijtimoiy me’yor doirasida iste’mol qilsa, isitish mavsumida bu ko‘rsatkich 54,8 foizga tushmoqda.
–2025 yil 1 maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar yangilangani ma’lum. Bunda aholining ehtiyojmand qatlami uchun kompensatsiya to‘lash va moddiy yordam berish bo‘yicha qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
–Darhaqiqat, joriy yil 1 maydan elektr energiya va tabiiy gazning bazaviy me’yori bo‘yicha tarif oshishi bu qatlamdagi oilalar oylik xarajatini isitish mavsumida 204 ming so‘m, boshqa davrda 60 ming so‘mga ko‘paytiradi.
Oylik xarajat bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, tabiiy gaz isitish mavsumida 523,4 ming (+178,9 ming) so‘m, boshqa davrda 114,4 ming (+37,4 ming) so‘mni, elektr energiyasi isitish mavsumida 163,2 ming (+24,6 ming) so‘m, boshqa davrda 93 ming (+23,2 ming) so‘mni tashkil etadi.
Ushbu xarajatlarni yumshatish maqsadida joriy yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan hamda yuqoridagi reyestrlarga kiritilmagan, mol-mulki bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, biroq oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga kompensatsiya to‘lab beriladi.
Aniqroq qilib tushuntirib beradigan bo‘lsam, elektr energiyasini me’yordan (200 kVt/soat) 150 kilovatt soatgacha oshgan qismining oshirilgan tarif bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarini yil davomida qoplab beriladi (amalda faqat noyabr-fevralda to‘langan).
Isitish mavsumida 21 foiz va boshqa davrda 18,4 foiz kambag‘al oilalarning xarajatini yopish uchun har oyda 30 ming so‘mgacha miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Natijada isitish mavsumida 77,2 foiz va boshqa davrda 92,4 foiz kambag‘al oilalarga elektr energiyasini bazaviy narxda iste’mol qilish imkoni yaratiladi.
Tabiiy gaz bo‘yicha isitish mavsumida me’yordan (500 m3) 250 metr kubgacha (amaldagi norma) hamda boshqa davrda me’yordan (100 m3) 150 metr kubgacha oshgan qismi (yangi norma) qoplab beriladi. Isitish mavsumida 28,2 foiz kambag‘al oilalarning xarajatini yopish uchun har oyda 200 ming so‘mgacha, boshqa davrda 34 foiz oilaga 120 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.
Natijada isitish mavsumida 83 foiz va boshqa davrda 93,2 foiz kambag‘al oilalarga elektr energiyasini bazaviy narxda iste’mol qilish imkoni yaratiladi. Buning uchun jami 280 mingga yaqin oilaga 220 milliard so‘m to‘lanadi.
– Ma’lumki, isitish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli keskin oshib ketadi. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar uchun bu og‘irlik keltirishi mumkin. 2025-2026 yilgi isitish mavsumi davomida davlat tomonidan qanday yordam va imtiyozlar ko‘zda tutilgan? Bu yordamlar aynan qanday toifadagi fuqarolarga beriladi?
–O‘tkazilgan tahlilga nazar tashlasak, joriy yil 1 maydan elektr energiya va tabiiy gazning narxlarining oshishi ehtiyojmand oilalarning isitish mavsumida o‘rtacha bir oylik qo‘shimcha xarajatlar 204 ming so‘m, 4 oyda esa jami 816 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu qo‘shimcha harajatlarni qoplash maqsadida 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlami uchun joriy yilning noyabr oyida 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish rejalashtirilgan. Xususan, u “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilmagan oilalardan “Mahalla yettiligi” xulosasi asosida kambag‘allikka tushish xavfi bo‘lgan oilalarni qamrab oladi.
Bunda “Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda boquvchisini yo‘qotgan oilalar, I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni tegishli mahalladagi Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 1,3 milliondan ortiq oilaga 1 trillion 330 milliard miqdorida bir martalik moddiy yordam pullari to‘lab beriladi.
– Kompensatsiya yoki bir martalik moddiy yordamni olish uchun fuqarolar qayerga murojaat qilishi kerak? Ariza berish tartibi qanday tashkil etilgan?
– Kompensatsiya olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar hamda reyestrlarga kiritilmagan, mol-mulki bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, biroq oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalar har oyning 15-sanasiga qadar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga yoki mahallalarda faoliyat yurituvchi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilishlari lozim. Bunda arizada pasport ma’lumotlari, abonent raqami va telefon raqami ko‘rsatiladi.
Kompensatsiya oluvchi oilalarning mezonlarga mosligi har oyda avtomatik o‘rganilib, mezonlarga mos kelgan taqdirda keyingi oylar uchun alohida murojaat talab etmagan holda kompensatsiya to‘lovi davom ettiriladi.
Ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar AT “Xalq banki” tomonidan ochilgan bank plastik kartasi orqali to‘lab beradi. Agar ariza beruvchining nomida bank plastik kartasi mavjud bo‘lmasa, AT “Xalq banki”da uning oila a’zolari nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘lab berilishi mumkin.
Shuningdek, moddiy yordam olish uchun “Mahalla yettiligi” 1 oktyabrga qadar reyestrlarga kirmagan qo‘shimcha ro‘yxatini shakllantiradi va 5 oktyabrga qadar o‘rganib chiqish uchun “Inson” ijtimoiy xizmat markazlariga taqdim etadi. “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari qo‘shimcha ro‘yxatini 20 oktyabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali tekshirib chiqadi va natijasi bo‘yicha Mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etadi.
Mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi yakuniy ro‘yxatni 25 oktyabrga qadar tuman (shahar) hokimligiga tasdiqlatib, “Inson” ijtimoiy xizmat markaziga taqdim etadi.
“Inson” ijtimoiy xizmat markazi 1 noyabrga qadar umumiy ro‘yxatini shakllantirib, moddiy yordam oluvchi oilalar bo‘yicha to‘lov ro‘yxatlarini shakllantiradi hamda AT “Xalq banki”ga yuboradi. Shu tariqa, 27 noyabrga qadar moddiy yordam oluvchi oilalarga belgilangan tartibda bir martalik moddiy yordam pullarini to‘lab beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zUEMW5rKGTg" title="Elektr va gaz toʼlovlarini qoplash uchun ehtiyojmand oilalarga 1 trillion 330 milliard soʼm" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA