Yaponiyaning iqtisodiyot va texnologiya sohalariga ixtisoslashgan yetakchi nashrlaridan biri – “Nikkei Xtech” Expo Osaka-2025 Jahon ko‘rgazmasida ochilgan mamlakatimiz paviloniga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qildi.
Muallif o‘quvchilarga O‘zbekiston ayvonining me’moriy va dizayn yechimi, zamonaviy installyatsiya ko‘magida taqdim etilgan 360° o‘lchamli video lavhalar, ayniqsa “Bilimlar bog‘i” nomli maxsus jamlovchi loyiha haqida batafsil ma’lumot bergan. Shuningdek, Samarqand shahri, xususan mashhur “Moviy Samarqand – Samarkand Blue” mozaykasi, milliy madaniy meros unsurlari innovatsion yondashuv orqali keng ko‘lamda namoyon bo‘lgani e’tirof etilgan.
Mahalliy ustalar ham qatnashgan ko‘rgazmani barpo etish va bezash jarayonida kun chiqar yurtning yuqori sifatli tabiiy materiallari ishlatilgan.
750 kvadrat/metr maydonni egallagan uch qavatli ayvonning dizayni barqaror rivojlanish tamoyiliga mos ravishda tabiiy ashyolar va modulli qurilmadan samarali foydalanilgan holda shakllantirilgan. Uchburchak shakli Markaziy Osiyo xalqlariga xos an’anaviy tumordan ilhom olib tanlangan. Qurilishda tabiiy, qayta ishlatilishi mumkin bo‘lgan yog‘och, loy va g‘isht qo‘llangan.
Binoning tashqi tomoni o‘zbek kashtasi, bezagi va diyorimiz ramzini aks ettiradigan an’anaviy naqsh bilan bezatilgan.
Qadim elimizning o‘tmishi va kelajagi, ko‘p asrlik merosi va madaniyati uyg‘unligidan so‘zlaydigan pavilon tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish yo‘lidagi uch ustuvor maqsadi – sifatli ta’lim, hamyonbop va toza energiya hamda sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilmaga muvofiq yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni namoyish qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA