Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Sharjah Masters-2025” xalqaro turnirining ortda qolgan 3-tur bahslarida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Jahongir Vohidov bilan kuch sinashdi.
Dunyoning yetakchi shaxmatchilari qatorida e’tirof etiladigan Anish Giri, Pirxam Magsudlu singari mahoratlilar qatnashayotgan xalqaro turnirning Vohidov-Abdusattorov “jangi” ishtirokchilar qatori ishqibozlar diqqat-markazidagi bahs bo‘ldi. Qiziqarli kechgan o‘yinda Abdusattorovning qo‘li baland keldi.

Ushbu turda mamlakatimiz shaxmatchilaridan Ortiq Nig‘matov oq donalarda AQSH vakili Varujan Akobyan, Muhiddin Madaminov reytingda o‘zidan yuqorida borayotgan Abxijit Guptadan ustun keldi.
Bugun, 20 may kuni o‘tkaziladigan 4-tur o‘yinlari ostonasida “Sharjah Masters-2025” xalqaro turnirining “A” guruhida 82 nafar ishtirokchi orasida 5 nafari 3 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, ular orasida terma jamoamiz a’zosi Ortiq Nig‘matov ham bor.

Turnirda qatnashayotgan 23 nafar shaxmatchi 2 ochko bilan peshqadamlarni ta’qib etmoqda.
Mamlakatimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov 2 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 26-o‘rinda, Muhiddin Madaminov 1,5 ochko bilan 43, Jahongir Vohidov 1 ochko jamg‘argan holda 64-qatorda bormoqda.
Bugun o‘tadigan 4-turda shaxmat ishqibozlari “Sharjah Masters-2025”da yana o‘zbeklar qarama-qarshiligidagi kurashga guvoh bo‘lishadi. Bu safar Ortiq Nig‘matov-Nodirbek Abdusattorov qarama-qarshiligidagi “aql jangi” turnirga o‘zgacha joziba baxsh etadi.

Kuchlilar bilan munosib o‘yin namoyish etib kelayotgan Muhiddin Madaminov(2520) mazkur turda qora donalarda reyting bali bo‘yicha o‘zidan ancha yuqorida joylashgan Birlashgan Arab Amirliklari vakili Salix Salim(2631) bilan ro‘baro‘ keladi.
Turnirning “B” guruhida ishtirok etayotgan 142 nafar shaxmatchi qatorida o‘zbekistonlik 6 nafar yosh shaxmatchi dona surmoqda.
Ushbu guruhda 5 nafar ishtirokchi 3 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 20 nafar shaxmatchi 2,5 ochko bilan peshqadamlarni ta’qib etmoqda. 2,5 ochkoga ega bo‘lgan qatnashchilar orasida O‘zbekiston vakillaridan Davron Sharipov ham bor bo‘lib, hamyurtimiz qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 19-pog‘onani egallab turibdi.
9 ta turdan iborat bo‘lgan xalqaro turnir 26 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA