Termizda “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzuida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi davom etmoqda.
Forumda Rossiya Fanlar akademiyasining Yevgeniy Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti, Buyuk Britaniya Qirollik xalqaro munosabatlar instituti, AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, Finlyandiyaning Martti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasi, Germaniyaning Bergxof jamg‘armasi, Hindistonning Xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi, Hindistonning “Observer Research Foundation” tahliliy markazi, Pokistonning Strategik tadqiqotlar instituti, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti kabi nufuzli tashkilotlarning ekspertlari ishtirok etmoqda.
Anjumanda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash rahbarlari va mutaxassislari ham qatnashmoqda.
O‘zA muxbiri muloqot ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.
Axmed Faruk, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
– Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston hududdagi yirik davlat. Markaziy Osiyo aholisining yarmi shu yerda yashaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqchil siyosati bilan mamlakat izchil rivojlanmoqda. Bunda Termiz shahrida barpo etilgan inshootlarning ham alohida o‘rni bor. Aytganimdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi markaziy davlat. Pokiston Janubiy Osiyodagi yagona davlat. Bu butun Markaziy Osiyoga muhim bo‘lgan eng tejamkor va tezkor kirishni ta’minlaydi. Pokiston va O‘zbekistonning yirik salohiyatga ega ekanini belgilaydi.
Termiz muloqoti Pokiston va boshqa mamlakatlar uchun juda muhim mavzuga bag‘ishlangani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Menimcha, xalqaro forum xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash kabi masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yagona tadbir emas. Bu mavzularda juda ko‘p tadbir o‘tkazilmoqda. Shu jihatdan uni ana shu muloqotlarning davomi deyish ham mumkin. Markaziy va Janubiy Osiyoning hozirgi paytda o‘zaro qanday bog‘lanishini namoyon etadi. Pokiston O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi aloqalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlayveramiz.
Xanullax Yusufzay, Afg‘onistondagi “Gazanfar Bank” direktori:
– Aslida, Termiz muloqoti yaxshi tashabbus bo‘ldi, deb hisoblayman. O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan bu savdo markazi har ikki davlat rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Savdo markazi rahbari aytganidek, ular boshqa davlatlar, jumladan, Janubiy Osiyo – Hindiston, Pokiston, Bangladesh hamda Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yangi reja va tashabbuslarga ega.

O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda rivojlantirishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynamoqda. Afg‘oniston esa Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi markaz sifatida harakat qilmoqda. Men Afg‘onistondagi yetakchi banklardan birining vakili sifatida bu yerda savdo operatsiyalarini moliyalashtirish, savdo moliyasi hamda ushbu davlatlar o‘rtasidagi moliyaviy tranzaksiyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Shuningdek, bu yerda bankimiz filialini ochish imkoniyatlarini o‘rganib, tahlil qilmoqdamiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgan. Bu yo‘nalishda ulkan salohiyat mavjud. Chunki Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 500 milliard dollar, Janubiy Osiyo esa 3 trillion dollardan oshiq iqtisodiy quvvatga ega.
Bu ikki mintaqani bog‘lash orqali biznes hajmini kengaytirish, savdoni rivojlantirish va moliyaviy yechimlar orqali uni osonlashtirish imkoniyati mavjud.
Termizning boshqa davlatlar uchun roli haqida gapiradigan bo‘lsak, Termiz muloqoti bu ikki mintaqani bog‘lovchi muhim platformaga aylanadi. To‘g‘ri, hozir savdo hajmi andak past darajada bo‘lishi mumkin. Ammo Termiz kelajakda bu sohadagi hamkorlikni kuchaytiradi, savdo-sotiqni rivojlantirish yo‘llari, moliyaviy operatsiyalarni yengillashtiradi. Hamkorlikni mustahkamlaydi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri